"Kadastr yil ayoli" tanlovining g‘oliblari aniqlandi
Kadastr agentligi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ularning intellektual imkoniyatlari, tashabbuskorligi va liderlik qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilayotgan "Kadastr yil ayoli" ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tanlovda Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi tizimida mehnat qilayotgan faol xotin-qizlar ishtirok etib, o‘zlarining kasbiy mahorati, bilim va tajribasi, ijodiy yondashuvi, intellektual salohiyati hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan innovatsion g‘oyalarini namoyish etdilar. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar turli shartlar asosida o‘zaro raqobatlashib, o‘z iqtidor va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Tadbirda Kadastr agentligi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkiloti rahbari S. Botirova, Davlat kadastrlari palatasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkiloti rahbari M. Yo‘ldosheva hamda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bosh mutaxassisi U. Bekmurodovalar ishtirok etishib, ishtirokchilarning chiqishlariga baho berishdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, 1-o‘rin Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyati boshqarmasining bosh mutaxassisi Nodira Shobo‘tayevaga nasib etdi. 2-o‘rinni Guliston shahar filiali bosh mutaxassisi Dilnoza Niyozova, 3-o‘rinni esa Yangiyer shahar filiali bosh mutaxassisi Mohira Djemileva qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan bir qator ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri