TXIF-2026: 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan energetika portfeli bo‘yicha loyihalar ijrosi ko‘rib chiqildi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlarida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Energetika sohasida investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish ushbu muloqotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
Shu doirada O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida umumiy qiymati 12 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan investitsiya portfeli doirasida amalga oshirilayotgan energetika loyihalarining bugungi holati muhokama qilindi. Shuningdek, sohada istiqbolli hisoblangan yangi tashabbuslarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, moliyaviy modellarini shakllantirish hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda mamlakat energetika tizimining barqarorligini ta’minlash, energiya manbalari tarkibini diversifikatsiya qilish va zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini jadallashtirish orqali energetik xavfsizlikni yanada mustahkamlash muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Tomonlar amalga oshirilayotgan loyihalarning samaradorligini oshirish uchun tashkiliy va infratuzilmaviy masalalarni tezkor hal etish zarurligini qayd etdi. Shu munosabat bilan Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi loyihalar bo‘yicha yer bilan bog‘liq masalalarning hal etilgani yuqori baholandi.
Uchrashuv yakunida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish jarayonlarini jadallashtirish, qurilish ishlari sur’atini oshirish hamda ishga tushirilgan elektr stansiyalarini boshqarishda Milliy dispetcherlik markazi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida energetika sohasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, mamlakat energetika tizimining barqaror va zamonaviy rivojlanishiga keng yo‘l ochadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA