Tadbirkorlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda
Zarafshon shahar hokimligida 2026-yil 25-may kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar hamda ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda shahar hokimligi, Savdo-sanoat palatasi vakillari, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, soha mutaxassislari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash hamda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Seminar davomida farmonning mazmun-mohiyati, unda belgilangan imtiyoz va yengilliklar, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, biznes yuritish jarayonidagi ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda tadbirkorlik muhim o‘rin tutadi. Shu bois tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish va ularga tezkor yechim topish davlat organlari faoliyatining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan.
Ochiq muloqot jarayonida tadbirkorlarning faoliyati davomida uchrayotgan muammo va takliflari muhokama qilinib, ularni hal etish choralari belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA