Naslli qoramollar go‘sht va sut narxiga qanday ta’sir qiladi? (+video)
19-iyun kuni Germaniyadan Toshkentga maxsus samolyotda bir yuz oltmish olti bosh yuqori genetik qiymatga ega naslli qoramol keltirildi.
Xo‘sh, “genetik baholangan mol” o‘zi nima? O‘zimizda ham chorva kam emas. Nega chet eldan qimmatga zotdor jonliqlar olib kelinyapti? Bu tashabbus mamlakat chorvadorlari va oddiy xalqqa nima beradi?
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan olib kelingan bu naslli mollar tezda veterinariya nazoratiga olinadi.
Mutaxassislarning aytishicha, oddiy mahalliy mollarning go‘shti yoki suti hajmini ko‘paytirish uchun o‘nlab yillar davomida chatishtirish va seleksiya ishlarini olib borish kerak. Bunga kamida 30-40 yil vaqt ketadi. Genetik baholangan mollarda esa olimlar tomonidan ularning nasli, necha avlodi, qancha sut berishi va kasalliklarga chidamliligi kompyuterda aniq hisoblab chiqilgan bo‘ladi. Bu sinovdan o‘tgan tayyor “innovatsiya” sanaladi.
[gallery-30021]
Chetdan tayyor zotlarni olib kelish orqali biz o‘sha ko‘p yillik yo‘lni biroz tezroq bosib o‘tamiz. Bu esa bugungi chorvachilikda vaqt va mablag‘ jihatidan katta yutuq degani.
– Bu safar golshteyn, simmental va aberdin-angus zotli naslli mollar keltirildi, – dedi Naslchilik ilmiy-ishlab chiqarish markazi direktori o‘rinbosari Sherzod Mamadaliyev. – Ularning har biri 3600 dan 4000 yevrogacha baholanadi. Bu mollar mamlakatimizdagi qoramollar naslini yaxshilash va mahsuldorlikni oshirish uchun tegishli xo‘jaliklarga yuboriladi. Ushbu buqalarning yuqori genetik xususiyatlaridan kelgusida butun respublika bo‘yicha sifatli urug‘lantirish ishlarida foydalanamiz. Shuningdek, ilg‘or texnologiyalar asosida embrionlar tayyorlash uchun donor g‘unajinlarni ham olib keldik. Ulardan birinchi avloddayoq o‘ta sermahsul buzoqlar olinadi. Bu seleksiya ishidagi eng ilg‘or va eng tez natija beradigan tajribadir. Mazkur mollar o‘zining barcha ijobiy xususiyatlarini keyingi avlodlariga to‘liq o‘tkazish qobiliyati bilan ajralib turadi.
Ta’kidlanishicha, bu Germaniyadan keltirilgan birinchi bosqichdagi qoramollardir. Maxsus dastur doirasida shu oyning yakuniga qadar chorvachiligi rivojlangan chet davlatlardan olib kelinadigan naslli mollar soni 10 mingga, yil yakuni bilan esa 30 mingdan ortiqqa yetkaziladi.
Yangi olib kelingan chorva go‘sht va sut yo‘nalishiga bo‘linadi. Go‘sht yo‘nalishidagi mollar kuniga o‘rtacha 1,5-2 kilogramm, bir yilda esa kamida 450-500 kilogramm vazn to‘playdi. Sut yo‘nalishidagi sigirlardan esa kuniga 35-40 litrgacha sut olish mumkin. Bu mahalliy zotlarga nisbatan ikki barobar ko‘p demakdir.
Bundan oddiy xalqqa va fermerga nima manfaat bor? Avvalo, bozorlarimizda sut, qatiq, pishloq va go‘sht ko‘payadi. Mahsulot mo‘l bo‘lgan joyda esa narxlar barqarorlashadi. Demak, xalqning cho‘ntagiga yengillik bo‘ladi.
Shuningdek, to‘rtta oddiy sigirga yem berib, arang 30 litr sut olgandan ko‘ra, bitta naslli sigir boqib, xuddi shuncha sutni olish fermer uchun ancha arzonga tushadi. Yem-xashak va mehnat kuchi tejaladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/v0rJYho66XM" title="Naslli qoramollar go‘sht va sut narxiga qanday ta’sir qiladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Albatta, chetdan kelgan zotdor mollar oddiy sharoitda yashay olmaydi. Ularga alohida parvarish, to‘g‘ri ratsion va avtomatlashtirilgan tizim kerak.
Keyingi yillarda bunday zotdor chorvaning ko‘proq olib kelinayotgani mamlakatimizda yangi, zamonaviy va raqamlashgan fermalar soni ortishiga ham zamin yaratmoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri