10 sotixdagi katta imkoniyat
Bir qarashda oddiy tomorqa. Ammo mehnat, bilim va tadbirkorlik uyg‘unlashgan joyda kichik maydon ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi bir xonadon tajribasi tomorqa nafaqat ro‘zg‘or manbai, balki oilaviy daromad, bandlik va hudud iqtisodiy faolligining muhim omiliga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.
Qishloq xonadonining fayzu barakasi ko‘pincha uning tomorqasidagi harakat, intilish va mehnat samarasida namoyon bo‘ladi. Yerga mehr bilan qaragan inson uchun har bir qarich maydon — imkoniyat, har bir nihol esa kelajak hosilining umididir.

Bugun mamlakatimizda aholining tomorqa yerlaridan oqilona va samarali foydalanishini ta’minlash, qishloq joylarda bandlikni oshirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham ana shu vazifalar belgilab berilgan. Mazkur hujjat doirasida tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, aholiga amaliy ko‘mak ko‘rsatish va mahsulot yetishtirish hajmini oshirishga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonning hayotdagi yorqin ifodasini Jizzax viloyati Zafarobod tumani Uzun mahallasi “Zamindor” ko‘chasi 21-uyda yashovchi Rahim Mavlonov xonadoni misolida ko‘rish mumkin.
Rahim aka tomorqasini oddiy yer maydoni sifatida emas, balki mehnat bilan baraka yaratish mumkin bo‘lgan maskan sifatida qadrlaydi. U o‘z xonadoniga qarashli 10 sotix yer maydonida zamonaviy issiqxona tashkil etib, pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini parvarish qilmoqda.

Bu yerda har bir jarayon o‘ylangan: tuproq tayyorlashdan tortib, ko‘chatlarni parvarishlash, suv va ozuqa me’yorini belgilashgacha bo‘lgan ishlar mehnat va tajriba asosida olib borilmoqda. Natijada tomorqa maydonidan unumli foydalanilib, sifatli va ekologik toza mahsulot yetishtirilmoqda.
— Yerni qadrlagan inson undan albatta samara oladi. Tomorqaga faqat hosil manbai deb emas, oila farovonligini ta’minlaydigan imkoniyat deb qarash kerak. Agar inson mehnat qilsa, bilim bilan yondashsa, kichik maydonda ham katta natijaga erishish mumkin, — deydi Rahim aka Mavlonov.

Darhaqiqat, bu xonadondagi tajriba bir oilaning shaxsiy yutug‘i bilan cheklanib qolmaydi. U tomorqadan foydalanish madaniyati, kichik maydonda yuqori samaradorlikka erishish va aholi daromadini oshirish borasida amaliy namuna bo‘la oladi.
Mehnat samarasi esa allaqachon o‘z natijasini bermoqda. Issiqxonada yetishtirilgan mahsulotlar yig‘ib olinib, mahalliy bozorlarga chiqarilmoqda. Sifatli, yangi va ekologik toza sabzavotlar aholi ehtiyojini qondirish bilan birga, xonadon daromadining barqaror manbaiga aylanmoqda.
Ayni paytda dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi, resurslardan oqilona foydalanish va kichik hududlarda yuqori unumdorlikka erishish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, bir mahalladagi bir xonadon tajribasi ham kengroq ma’noga ega. Chunki u yerdagi mehnat natijasi — nafaqat bir oilaning daromadi, balki mahalladagi ishbilarmonlik muhiti, hududdagi oziq-ovqat ta’minoti va qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga qo‘shilgan hissadir.

Bugun tomorqa yerlari o‘z egasiga faqat ro‘zg‘or uchun mahsulot beradigan maydon emas. U to‘g‘ri yondashuv, zamonaviy usul va mehnat bilan kichik biznesga, oilaviy tadbirkorlikka, hatto eksportbop mahsulot manbaiga aylanishi mumkin.
Rahim Mavlonovning 10 sotixlik issiqxonasi ana shu haqiqatning oddiy, ammo ibrat namunasidir. Chunki katta natijalar ba’zan keng dalalardan emas, balki mehr bilan parvarishlangan kichik bir tomorqadan boshlanadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri