Tunu kun faoliyat yuritadigan sayilgohlarda "kitob ko‘chasi" faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrini 2026-2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida 2030-yilga qadar gastronomik va turizm, soyali sayr va tunu kun ishlaydigan ko‘chalarni tashkil etishning asosiy ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Toshkent shahrida 2026-yilda aholi gavjum, gastronomik, turizm hamda sohil bo‘yidagi ko‘chalarda loyihalarni amalga oshirishga 2026-yilda 175 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Shahar markaziy va turizm ko‘chalari, xiyobonlar, poytaxt aholisi va mehmonlari tashrif buyuradigan ob’ektlar atrofida zamonaviy loyihalar asosida 2026-yilda 100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi.
Sanitariya-gigiyena shoxobchalarini joylashtirish uchun yer uchastkalari Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqiladigan loyihalar asosida soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan elektron onlayn auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari quradigan yangi sanitariya-gigiyena shoxobchalari markazlashgan ichimlik va oqova suv tarmoqlariga belgilangan tartibda ulab beriladi.
Har oyda sayyohlarni jalb qilish mumkin bo‘lgan kamida 30 ta ob’ekt to‘g‘risidagi ma’lumot, rasm va videolar xalqaro xaritalarga kiritib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent shahrining onlayn xaritasiga shahar infratuzilmasi, qurilish, ijtimoiy hamda boshqa ob’ektlarga oid ma’lumotlar shakllantirilib, 3D shaklida joylashtirish maqsadida mobil xaritalash (mapping) va lazerli skanerlash majmuasi bilan jihozlangan maxsus avtomobil va SLAM asosidagi 3D skanerlash qurilmalari "taklif so‘rovi" orqali xarid qilishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, Olmazor tumanida joylashgan Yoshlar markazi binosida yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish yo‘nalishlarida Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi.
Yoshlar kreativ parkida ishlab chiqilgan loyihalar va tashabbuslarga IT-park hamda kreativ parklarga berilgan imtiyoz va preferensiyalar qo‘llaniladi.
"Toshkent kitob tijorat" uyushmasiga a’zo bo‘lgan kitoblar savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga aholi gavjum joylarda, bozorlarda, yirik savdo markazlarida, shoh ko‘chalarda yengil konstruksiyali kitob do‘konlari o‘rnatiladi, "Book safye"lar tashkil qilinadi, poytaxtda barpo etilayotgan 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritadigan sayilgohlarda "kitob ko‘chasi" faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.
Maydoni 5 ming metr kvadratdan ortiq savdo markazlarida kitob do‘konlarini tashkil etishning majburiy tartibi joriy qilinadi.
O‘zA