Odil Yoqubov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan xotira keçasi bölib ötdi
Baʼzi ijodkorlarning umri ular yozgan asarlar bilan davom etadi. Yillar ötadi, zamon özgaradi, avlodlar dunyoga kelaveradi. Qalam ahlining durdona asarlari, ularning xotirasi yaşayveradi.
Muqimiy nomidagi Özbekiston davlat akademik musiqali teatrida adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan xotira keçasi ötkazildi. Unda yozuvçining hayoti va ijodi, özbek adabiyotida tutgan örni, adabiy merosining bugungi avlod uçun ahamiyati haqida söz bordi. Eng muhimi, uşbu uçraşuv adibni nafaqat maşhur asarlar muallifi, balki öz davrining ijtimoiy va maʼnaviy jarayonlariga befarq bölmagan, inson qalbini çuqur anglagan ijodkor sifatida yodga oliş imkonini berdi.
Teatrga taşrif buyurgan mehmonlar dastlab Odil Yoqubov asarlari jamlangan kitob körgazmasi bilan tanişdilar. Unda yozuvçi kitoblarining turli yillarda naşr etilgan, jumladan, xorijiy tillardagi nusxalari ham namoyiş etildi. Bu naşrlar adib ijodiga bölgan qiziqiş özbek kitobxonlari bilangina çeklanib qolmaganini körsatadi.
Keça davomida namoyiş etilgan hujjatli film ham iştirokçilarda katta qiziqiş uyğotdi. Özbekiston xalq şoiri Usmon Azim muallifligida yaratilgan film Odil Yoqubov hayoti va ijodiga bağişlangan bölib, adib hayotligida suratga olingani bilan alohida ahamiyatga ega. Unda Özbekiston Qahramoni Abdulla Oripov, adiblar Nosir Fozilov, Erkin Aʼzam va boşqa ijodkorlarning yozuvçi haqidagi xotiralari, uning şaxsiyati va adabiyotdagi örniga doir fikrlari örin olgan.
[gallery-32460]
Adabiy anjumanda Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi raisi, Özbekiston xalq şoiri Sirojiddin Sayyid, taniqli huquqşunos olim, Inson huquqlari böyiça Özbekiston Respublikasi Milliy direktori Akmal Saidov, Qozoğiston Respublikasining Özbekistondagi Favqulodda va muxtor elçisi Erali Tuğjanov, Qozoğiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi Qulbek Yergöbek, «Jahon adabiyoti» jurnali boş muharriri Ahmadjon Meliboyev, yozuvçi Risolat Haydarova, taniqli adabiyotşunos olim va dramaturg Şuhrat Rizayev sözga çiqib, Odil Yoqubov ijodining öziga xos jihatlari, uning özbek adabiyoti va madaniyatiga qöşgan hissasi haqida fikr bildirdilar.
Odil Yoqubov asarlarini öqiganda, avvalo, inson taqdiriga bölgan eʼtibor közga taşlanadi. Uning qahramonlari oddiy hayotiy vaziyatlar orqali katta savollarni örtaga taşlaydi: inson vijdoni oldida qançalik masʼul? Haqiqat uçun kuraşiş osonmi? Tarix va zamon inson taqdiriga qanday taʼsir körsatadi? Adib ijodining asosiy kuçi ham şunda — u öquvçiga tayyor xulosa bermaydi, balki uni öylaşga, voqealar mohiyatini anglaşga undaydi.
«Tengdoşlar», «Muqaddas», «Qanot juft böladi», «Billur qandillar» kabi qissalari, «Er boşiga iş tuşsa», «Uluğbek xazinasi», «Diyonat», «Köhna dunyo», «Oq quşlar, oppoq quşlar» romanlari bugun ham öz öquvçisini topayotgani bejiz emas. Ularda tarixiy voqealar va inson keçinmalari, jamiyat muammolari va şaxsiy taqdirlar özaro uyğunlaşib ketadi. Ayniqsa, tarixiy mavzularga murojaat qilganida ham adib ötmişni şunçaki tasvirlaş bilan çeklanmaydi. U tarix orqali bugungi kun, inson masʼuliyati va maʼnaviy qadriyatlar haqida fikr yuritadi.
Yozuvçi ijodining teatr va kino sanʼatidagi talqinlari ham uning asarlari keng badiiy imkoniyatlarga ega ekanini körsatadi. Xotira keçasida «Uluğbek xazinasi» romani asosida suratga olingan videofilm va «Ajoyib xayolparast» filmidan lavhalar namoyiş etildi. Bu çiqişlar adib ijodi kitob sahifalari bilangina çeklanib qolmaganini, boşqa sanʼat turlarida ham yaşaşda davom etayotganini yana bir bor eslatdi.
Odil Yoqubovning adabiyot va jamiyat oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U Respublika davlat mukofoti, «Özbekiston xalq yozuvçisi» faxriy unvoni, «Döstlik», «El-yurt hurmati» va «Buyuk xizmatlari uçun» ordenlariga sazovor bölgan. Biroq adibning eng katta eʼtirofi, şubhasiz, uning asarlarini hanuz mutolaa qilayotgan, qahramonlari bilan birga yaşab, ularning taqdiri haqida öylayotgan kitobxonlardir.
Keçaning eng samimiy lahzalari adibning turmuş örtoği Maryam Yoqubova bilan boğliq böldi. U Odil Yoqubovning oiladagi hayoti, inson sifatidagi fazilatlari va ijodkorlik masʼuliyati haqidagi xotiralari bilan örtoqlaşdi. Uning sözlari orqali iştirokçilar nafaqat taniqli yozuvçini, balki yaqinlari xotirasida yaşab kelayotgan insonni ham yana bir bor kaşf etdilar. Tadbirda adibning farzandi Malik aka Yoqubov Maryam aya nomidan adib xotirasiga körsatilayotgan eʼtibor uçun minnatdorlik bildirdi.
Maʼlumki, Özbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 1-apreldagi farmoyişi bilan «2026-yilda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalari atoqli namoyandalarining tavallud sanalarini munosib nişonlaş hamda faoliyatini keng tarğib etiş dasturi» qabul qilingan. Uşbu dastur doirasida mamlakatimizning turli hududlarida Odil Yoqubov tavalludining 100 yilligiga bağişlangan tadbirlar ötkazilmoqda. Ularning asosiy maqsadi adib hayoti va ijodini keng tarğib etiş, asarlarini yanada köproq kitobxonga yetkazişdan iborat.
Poytaxtimizda taşkil etilgan xotira keçasi ham ana şu ezgu maqsadga xizmat qildi. Çunki adiblarni xotirlaş faqat ularning ötgan umrini yodga oliş emas. Bu, avvalo, ular qoldirgan maʼnaviy merosni qayta kaşf etiş, asarlariga murojaat qiliş va ulardagi ğoyalarni yangi avlodga yetkaziş demakdir.
Odil Yoqubovning adabiy merosi bugun ham öz ahamiyatini saqlab kelayotgani uning ijodi zamon sinovidan ötganini körsatadi. U yaratgan qahramonlar, ularning keçinmalari, haqiqat va adolat yölidagi izlanişlari kitobxonni hamon befarq qoldirmaydi. Odil Yoqubov ham özbek adabiyotida qoldirgan boy merosi, betakror badiiy olami va kitobxonlar qalbidagi örni bilan yaşaşda davom etadi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov(surat), ÖzA