«Daʼvo»: ziyolilar hayoti va inson munosabatlariga badiiy nazar
Inson öz maqsadi yölida qançalik uzoqqa borişi mumkin? Obrö va unvon istagi qaçon vijdondan ustun keladi? Erkin Aʼzamning «Daʼvo» romani aynan şu kabi murakkab va öylantiradigan savollarni örtaga taşlaydi.
Özbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Özbek tili, adabiyoti va folklori institutida ustoz ijodkor, Özbekiston xalq yozuvçisi Erkin Aʼzamning «Daʼvo» romani taqdimotiga bağişlangan adabiy uçraşuv bölib ötdi.
Asarda ilm ahli va ziyolilar muhitidagi ziddiyatlar, ustoz-şogird munosabatlari, sadoqat va xiyonat, inson qadriyatlari hamda vijdon masalalari öziga xos badiiy talqin etilgan. Asar qahramonlari Jamşid Böron va uning ustozi Şokir Tölaganov taqdiri orqali ilmiy muhitdagi murakkab munosabatlar, halollik, eʼtiqod va manfaatlar töqnaşuvi kinoya va teran muşohadalar bilan yoritilgan.

Roman kitobxonni nafaqat qahramonlar taqdiri haqida öylaşga, balki insonning öz maqsadi yölidagi tanlovlari, maʼnaviy qiyofasi va vijdon oldidagi masʼuliyati haqida ham muşohada yuritişga undaydi.
Adabiy uçraşuvda adabiyotşunos va tilşunos olimlar, şoir va yozuvçilar, tadqiqotçilar qatnaşdi.
Muhokamalar davomida asarning til va uslub xususiyatlari, ijtimoiy-psixologik qatlamlari, kinoyaviy tabiati, voqealarni hikoya qiliş usullari, qahramonlar ruhiyati hamda inson va jamiyat munosabatlarining badiiy ifodasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlanganidek, «Daʼvo» romani faqat ilmiy muhitdagi munosabatlar tasviri bilan çeklanmaydi. Unda inson qadri, halollik, manfaat va vijdon örtasidagi nozik çegaralar haqida ham jiddiy badiiy muşohada yuritilgan.
Uçraşuv davomida yozuvçi Erkin Aʼzam bilan oçiq muloqot, savol-javob va samimiy adabiy suhbat ham bölib ötdi. Iştirokçilar asar yuzasidan öz fikr-mulohazalarini bildirib, ijodkor bilan qiziqarli suhbat qurdi.
Zero, baʼzi asarlar öqib tugatilgani bilan xotiradan öçmaydi. Aksinça, ular kitobxonni öz-öziga savol berişga undaydi. «Daʼvo» ham ana şunday asarlardan biri.
N.Usmonova,
ÖzA