"Trend": O‘zbekiston va Janubiy Afrika ko‘mir sanoatida hamkorlikni kengaytiradi
Poytaxtimizda O‘zbekiston va Janubiy Afrikaning energetika hamda kimyo sanoatiga ixtisoslashgan “Sasol Limited” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, yig‘inda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari F.Hamidova va “Sasol” kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Lourens Yakobs boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etgan.

Uchrashuvda xomashyoni chuqur qayta ishlashning ilg‘or texnologiyalari sohasida hamkorlikni kengaytirish, kompaniyaning zamonaviy texnologik yechimlarini O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ayniqsa, mamlakatimiz ko‘mir sanoatining mavjud salohiyati va ushbu yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot o‘rnida: 1950-yilda tashkil etilgan “Sasol” kompaniyasining bosh qarorgohi Janubiy Afrika Respublikasining Yoxannesburg shahrida joylashgan. Kompaniya ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa xomashyo turlaridan suyuq yoqilg‘i, kimyoviy mahsulotlar hamda energetika sohasida qo‘llaniladigan mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish va tijoratlashtirishga ixtisoslashgan.
Ta’kidlash joizki, “Sasol” kompaniyasi O‘zbekiston bilan texnologik hamkorlik tajribasiga ega. Xususan, o‘lkamizda tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishga qaratilgan GTL loyihasida kompaniyaning “Slurry Phase” texnologiyasidan foydalanish uchun litsenziya olingan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA