Samarqand avtomobil zavodida elektrobuslar ishlab chiqariladi
Samarqand shahridagi “SamAuto” avtomobil zavodida O‘zbekiston va Turkiya kompaniyalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va mahalliylashtirishni kengaytirishga bag‘ishlangan “SamAuto Supplier Day” xalqaro biznes uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning davlat idoralari, sanoat korxonalari va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat 150 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Mamlakatimiz avtosanoatining dastlabki korxonalaridan biri bo‘lgan “Samarqand Avtomobil Zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati 1996-yilda yo‘lga qo‘yilgan. Zavod yiliga 8800 dan ortiq turli rusumdagi avtobuslar, yuk avtomobillari hamda pikaplar ishlab chiqaradi. Hozirgi vaqtda “SamAuto” mahsulotlari ichki bozordan tashqari, to‘qqiz mamlakatga eksport qilinmoqda. 2025-yil dekabr oyida korxonaning 75,2 foiz ulushi Turkiyaning “Anadolu Isuzu” kompaniyasi tomonidan sotib olindi. Qolgan 24,8 foiz ulush Yaponiyaning “Isuzu” va “Itochu” kompaniyalariga tegishli.

Tadbirda davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev keyingi yillarda rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, yurtimizdagi xususiylashtirish jarayonlari va bunda xorijlik investorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida so‘z yuritildi.
– Davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarimiz tufayli savdo hajmi yildan-yilga oshib, o‘tgan yil 3 milliard AQSH dollaridan oshdi, – dedi davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov. – Bugungi kunda yurtimizda turkiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 2200 dan ortiq qo‘shma korxona mavjud. Qardosh davlat tadbirkorlari va yirik kompaniyalar tomonidan iqtisodiyotimizga kiritilgan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi. Turkiyalik hamkorlarimiz mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayonlarida ham faol ishtirok etmoqda. Ular shu paytgacha 350 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 30 dan ortiq davlat aktivlarini xarid qildi. Bu borada, ayniqsa, “Anadolu Group” bilan hamkorligimiz mustahkamlanib bormoqda. Mazkur kompaniya yurtimiz bozoriga kirib kelib, davlat aktivlarini xarid qilganidan so‘ng ikkita ishlab chiqarish korxonasini modernizatsiya qildi, ikkita yangi zavod tashkil etdi. Kompaniya “SamAuto”dagi davlat aktivlarini ham xarid qilib, bu yerda katta sig‘imli avtobus va elektrobuslar ishlab chiqarish, servisni rivojlantirish va eksport quvvatini oshirish loyihasini amalga oshirmoqda.
“Anadolu Group” tarkibidagi “Anadolu Isuzu” kompaniyasi bosh direktori Yusuf Tug‘rul Arikan o‘z so‘zida “SamAuto”ni nafaqat O‘zbekiston bozori, balki qo‘shni mamlakatlar ehtiyojlarini ham qondira oladigan yirik korxonaga aylantirish maqsad qilinganini ta’kidladi.
– “SamAuto” korxonasini sotib olishga qaror qilganimizda, oldimizga uzoq muddatli rivojlanish maqsadini qo‘ygan edik, – deydi “Anadolu Isuzu” kompaniyasi bosh direktori Yusuf Tug‘rul Arikan. – Ushbu reja doirasida Turkiyadagi kompaniyalarni O‘zbekistonga olib kelish va bu yerda sarmoya kiritishga rag‘batlantirish vazifasi belgilangan. Chunki “Anadolu Group”ning Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda ham muhim faoliyat yo‘nalishlari mavjud. O‘zbekiston kompaniyamiz rivojida muhim o‘rin tutadi. “Anadolu Isuzu” sifatida biz tijorat transport vositalari ishlab chiqarish sohasida katta tajribaga egamiz. Turkiyada yuk avtomobillari, avtobuslar va pikaplar ishlab chiqaramiz hamda eksport qilamiz. Mahsulotlarimiz 45 dan ortiq mamlakatga yetkazib beriladi. Turkiyada ishlab chiqarishda foydalaniladigan materiallarning 60-70 foizini mahalliy bozordan xarid qilamiz. Endi shunday tizimni O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. O‘zbekiston va Turkiya kompaniyalari hamkorligida mahalliylashtirish darajasini oshirish, shu orqali mahalliy sanoatni rivojlantirish niyatidamiz. Bugungi tadbirda Turkiyadan 50 dan ortiq korxona, shuningdek, xalqaro kompaniyalar vakillari va O‘zbekistonning amaldagi yetkazib beruvchilari ishtirok etmoqda. Asosiy maqsadimiz o‘zbekistonlik va turkiyalik yetkazib beruvchilarni birlashtirish hamda ular o‘rtasida hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat.
Yusuf Tug‘rul Arikan qisqa vaqtda erishilgan natijalardan xursandligini bildirib, korxonada yangi modellarni ishlab chiqarish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Jumladan, yuk avtomobillari va avtobuslar turini kengaytiriladi. 9,5 metrli, 12 va 18 metrli avtobus modellari, shuningdek, siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda elektrobuslar ishlab chiqariladi. Og‘ir yuk tashishga mo‘ljallangan, jumladan, tirkamalar bilan ishlatiladigan yirik avtomobillarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Marosimda “Samarqand Avtomobil Zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Neset Fatih Vural korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlari, O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatining rivojlanish tendensiyalari, mahalliylashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va potensial yetkazib beruvchilar uchun mavjud imkoniyatlar yuzasidan taqdimot qildi.
Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda “SamAuto” ishlab chiqarish maydonining umumiy hududi 175 ming kvadrat metrni, shundan 127 ming 93 kvadrat metrini yopiq ishlab chiqarish va boshqa binolar tashkil etadi. Korxona avtobuslar, yuk avtomobillari va pikaplar yo‘nalishlarida 60 dan ortiq model hamda 35 dan ortiq turdagi maxsus ustqurilmalarni taklif etadi. 2026-yilda korxonada uch o‘qli yuk avtomobilining yangi modeli ishlab chiqarishga joriy etildi. 2027-yilda esa gazda ishlaydigan va elektr energiyasida harakatlanuvchi uchta yangi avtobus modelini, shuningdek, yuk avtomobillarining beshta yangi modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, bozor talablarini o‘rganish asosida transport vositalari uchun kuzovlarning uchta qo‘shimcha turini joriy etish ustida ish olib borilmoqda.
[gallery-32042]
Taqdimotda korxona faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha rejalar ham bayon etildi. Xususan, 2027-yildan boshlab bir smenadagi ishlab chiqarish quvvatini 15 ming donadan ortiq darajaga yetkazish rejalashtirilgan.
Korxonaning strategik maqsadlaridan yana biri “SamAuto”ni Markaziy Osiyo uchun muhim ishlab chiqarish va ta’minot xabiga aylantirishdan iborat ekanligi qayd etildi. Ushbu yondashuv mintaqaviy sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro ishlab chiqarish zanjirlaridagi ishtirokni rivojlantirishga qaratilgan. Kelgusida eksport geografiyasini Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari hisobiga kengaytirish rejalashtirilgan.
– Turkiyada avtomobilsozlik sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar va investorlarni O‘zbekistonga jalb etish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda yangi sarmoya loyihalarini amalga oshirish bugungi tadbirning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi, – deydi sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori o‘rinbosari Ilhomjon Pardayev. – Tadbir davomida investorlarga yurtimizdagi sanoat zonalari, mahalliylashtirish sohasidagi davlat siyosati va investitsiyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning davlat xaridlarida ishtirok etishi, ularga taqdim etiladigan imtiyozlar va raqobatbardoshlikni oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Kelgusida investorlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yishga jalb etish orqali yangi korxonalar tashkil etish, mahalliy mahsulotlar turini kengaytirish va mamlakat sanoati salohiyatini yanada oshirish maqsad qilingan.

Tadbirning amaliy qismida ishtirokchilar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, infratuzilma va faoliyatning asosiy yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya kompaniyalari vakillari va tadbirkorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlari hamda butlovchi qismlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ishtirokchilarning qayd etishicha, bu kabi tadbirlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xalqaro kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, ishlab chiqarish talablarini aniqlashtirish va kelgusidagi hamkorlik uchun amaliy asos yaratishga xizmat qiladi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari