Koreya Respublikasi bilan transport sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Koreya Respublikasining Kannin shahrida bo‘lib o‘tayotgan Intellektual transport tizimlari bo‘yicha Butunjahon kongressi doirasida O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdug‘afforov Koreya Respublikasi infratuzilma va transport vaziri o‘rinbosari Chon Iy Kyon bilan uchrashdi.
Uchrashuvda intellektual transport tizimlarini rivojlantirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, temir yo‘l sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va O‘rta koridor salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida zamonaviy avtomobil yo‘llarini boshqarish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, transport oqimlarini real vaqt rejimida kuzatish va tahlil qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, intellektual svetoforlar va sun’iy intellektga asoslangan transport boshqaruvi yechimlarini joriy etish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bunday texnologiyalar transport oqimlarini samarali boshqarish, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘llarda harakat xavfsizligini oshirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar davomida xalqaro temir yo‘l hamkorligi masalalari ham muhokama qilindi. Koreya tomoni Xalqaro temir yo‘llar hamkorligi tashkiloti faoliyatida ishtirok etishi va tashkilotga a’zo bo‘lishi masalasida O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.
Bundan tashqari, Koreya tomoni O‘rta koridorni birgalikda rivojlantirish, uning tranzit salohiyatini oshirish, transport-logistika infratuzilmasini takomillashtirish hamda mazkur yo‘nalishdagi istiqbolli infratuzilma loyihalarini hamkorlikda amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Sherbek Islomov,
O‘zA