Transkaspiy yo‘lagi: O‘zbekiston va Yevropa hamkorligi kengaymoqda
Transkaspiy transport yo‘lagi Markaziy Osiyoni Kavkaz va Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi muhim transport-logistika yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘z ahamiyatini tobora oshirib bormoqda. Mazkur yo‘lak O‘zbekistonning tashqi savdo yuklarini tashish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, muqobil transport marshrutlarini rivojlantirish hamda Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Shu nuqtayi nazardan, Toshkentda bugun oʻz ishini boshlagan Transkaspiy transport yoʻlagi ikkinchi milliy konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida transport sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov va Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik boʻyicha Bosh direksiyasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi boʻyicha direktori Peteris Ustubs transport sohasidagi tomonlar hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini koʻrib chiqdilar.
Muloqot davomida Transkaspiy transport yoʻlagi boʻylab muhim investitsiyalarni jalb qilish va infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, sohadagi islohotlarni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida yanada ishonchli va uzoq muddatli savdo aloqalarini rivojlantirish, transport-logistika jarayonlarini samarali tashkil etish hamda yoʻlakning tranzit salohiyatidan kengroq foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida qayd etilganidek, Transkaspiy yoʻlagini rivojlantirish Oʻzbekistonning xalqaro transport tizimidagi ishtirokini kengaytirish bilan bir qatorda, mamlakatning Yevropa bozorlari bilan savdo aloqalarini mustahkamlash va yangi logistika imkoniyatlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA