Surxondaryoda kuzgi mavsumda 11 million 187 ming tup ko‘chat ekiladi
Angor tumanida Prezidentimizning shu yil 23-sentabrdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, ekiladigan ko‘chatlar uchun yer maydonlarini tayyorlab, sug‘orish tizimini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov 2026-2027-yillarda viloyat hududida yashil bog‘lar va o‘rmon hududlarini kengaytirish, ko‘chat plantatsiyalarini barpo etish orqali ko‘chat zaxirasini yaratish, shuningdek, hududlarning tabiiy-iqlim sharoitiga mos, suvsizlik va sho‘rlanishga chidamli daraxt turlarini tanlab ekish masalalarini muhokama etdi.

Viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumida amalga oshiriladigan ishlar taqdimoti o‘tkazildi.

Joriy yil kuzgi mavsumda vohada 11 million 187 ming tupdan ortiq ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Yashil boyliklarning qariyb 783 ming tupi Angor tumanidagi belgilab olingan hududlarga qadaladi.
Taqdimotda tumanda amalga oshiriladigan ishlar Ilg‘or mahallasida yashil belbog‘ tashkil etish uchun tanlangan hudud misolida tushuntirildi. Xususan, bir gektar maydonda 3x2 metr ekish sxemasi asosida 1 ming 667 tup ko‘chat joylashtirish ko‘zda tutilgan. Daraxt ko‘chatlarini ekish bilan birga ularni muntazam sug‘orish va parvarishlash imkonini beruvchi tizimni oldindan tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Loyihada hudud sharoitidan kelib chiqib, tut, go‘zal katalpa, Eldor qarag‘ayi, jiyda, xitoy katalpasi, qayrag‘och va archa-tuya kabi daraxt ko‘chatlarini ekish tavsiya etilgan. Mahallada tanlab olingan hududni yashil boylikka burkashda qurg‘oqchilikka, shamol va turli iqlim sharoitlariga chidamli, soyadorlik va havoni tozalash xususiyatlari yuqori bo‘lgan daraxtlarga ustuvorlik berish nazarda tutilgan.
Yig‘ilishda ekolog, o‘rmonchi va soha mutaxassislarining takliflari tinglandi. Mutaxassislar ko‘chatlarni tanlash, yerlarni ekishga tayyorlash, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish va ekilgan daraxtlarning yashab ketishini ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiyalar bildirdi. Mahallalarda yashil hududlarni kengaytirish, ko‘chatlarni ekishdan oldin yer va suv infratuzilmasini tayyorlash, ko‘chat zaxirasini yaratish hamda ularning parvarishini tizimli tashkil etish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan vazifalar belgilab olindi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi viloyatni yashil boyliklarga burkab, kutilmaganda yuz beradigan shamol ta’sirini kamaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martdagi “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Angor va Termiz tumanlaridagi yirik maydonlarda “yashil belbog‘”lar tashkil etilib, shamol yo‘llarini to‘sish va qum barxanlari ko‘chishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Tevarak-atrofni yashillikka burkashga ilmiy asosda yondashilib, “yashil belbog‘”lar yaratilayapti. Jumladan, loyihaning o‘tgan mavsumida Angor tumanining M39 xalqaro magistral avtomobil yo‘li bo‘yidagi 102 gektar yer maydonida 261 ming tup va “Qoraqir” dahasi hududidagi 108 gektar yerda 270 ming tup, Termiz tumani “Kattaqum” dahasidagi 82 gektar qumloq yer maydonida 218 ming tup mevali va manzarali daraxt, Yangiobod mahallasi hududidagi 31 gektar yer maydonda 12,7 ming tup “eldor” qarag‘ay ko‘chati ekilib, undirib olindi.

Viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumida mahallalar roli oshirilib, hududlarda iqlimni yumshatadigan tabiiy to‘siq, shamol va changdan himoyalaydigan “yashil qalqon”larni yanada kengaytirish ham mo‘ljallanmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri