O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Transkaspiy yo‘lagi bo‘yicha amaliy loyihalarni ilgari surmoqda
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanishda Transkaspiy transport yo‘lagi muhim ahamiyat kasb etadi. Yo‘lakni rivojlantirish doirasida transport infratuzilmasini takomillashtirish, investitsiyalarni jalb etish va tashuvlar samaradorligini oshirish masalalari dolzarb bo‘lib bormoqda.
Bugun Toshkentda o‘tkazilgan Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha ikkinchi milliy konferensiyada mazkur masalalar atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direksiyasi hamkorligida tashkil etilgan anjuman ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarni muhokama qilish va amaliy loyihalarni ilgari surish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Unda davlat tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari, taraqqiyot hamkorlari hamda transport va logistika sohasidagi xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Anjumannig rasmiy ochilishida O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov, Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direksiyasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha direktori Peteris Ustubs va boshqalar so‘zga chiqib, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirishda Transkaspiy transport yo‘lagining ahamiyatini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekistonning Transkaspiy transport tizimidagi ishtirokini kengaytirish, transport-logistika infratuzilmasini takomillashtirish, tranzit salohiyatini oshirish va yangi investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, amaliy loyihalarni ilgari surish, transport jarayonlarini raqamlashtirish, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish va tashuvlar samaradorligini oshirishga e’tibor qaratildi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ta’kidlashicha, mamlakatda transport sohasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy o‘zgarishlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
– Transkaspiy transport yo‘lagiga bag‘ishlangan ikkinchi milliy konferensiya Yevropa Ittifoqi va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ustuvor loyihalarni amalga oshirish va O‘rta koridorni xavfsiz hamda samarali transport yo‘lagi sifatida rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Biz Yevropa Ittifoqi va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilish uchun ustuvor milliy loyihalar portfelini shakllantirdik. Ularning markazida temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, transport tarmoqlarini rivojlantirish va logistika salohiyatini oshirish vazifalari turibdi.
Transkaspiy koridorini to‘laqonli rivojlantirish uchun temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini zamonaviy logistika infratuzilmasi bilan o‘zaro bog‘lash zarur. Ayni paytda O‘zbekistonda logistika markazlari va omborlar tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. ESKATOning xalqaro ahamiyatga ega “quruq portlar” ro‘yxatiga mamlakatimizdagi 27 ta transport-logistika markazidan 24 tasi kiritilgani ham O‘zbekistonning mintaqaviy transport-logistika tizimidagi salohiyatini ko‘rsatadi.
[gallery-31701]
O‘zbekiston O‘rta koridorni rivojlantirishga qaratilgan yirik mintaqaviy loyihalarni ham amalga oshirmoqda. Xususan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi, Gruziya portlarida O‘zbekiston terminalini barpo etish hamda Kaspiy dengizida yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, “CASCA+” multimodal yo‘nalishi doirasida temir yo‘l tashuvlariga 70 foizlik chegirmalar joriy etildi. Bu marshrutning iqtisodiy jozibadorligini oshirish va biznes uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan. Davlat zarur shart-sharoitlarni yaratadi, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri esa biznesdir. Shu bois xalqaro tajribani jalb etish va xususiy sektor bilan faol muloqot o‘rnatishga alohida ahamiyat qaratyapmiz, –dedi Ilhom Mahkamov.
Konferensiyada temir yo‘l va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish, logistika xizmatlarini takomillashtirish, xalqaro tashuvlarda elektron hujjatlardan foydalanish hamda chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Xususiy sektorni transport va logistika loyihalariga kengroq jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direksiyasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha direktori Peteris Ustubs qayd etganidek, Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirishda amaliy loyihalarni ilgari surish, ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va tashuvlar samaradorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.
– Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha ikkinchi milliy muvofiqlashtirish platformasi doirasida asosiy vazifalardan biri esa amaliy loyihalarni ilgari surish va yo‘lak faoliyatida mavjud to‘siqlarni birgalikda bartaraf etishdir.
Bu jarayonda yo‘lakka yaxlit tizim sifatida yondashish muhim. U faqat O‘zbekiston yoki Qozog‘iston bilan cheklanmaydi, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarini ham qamrab oladi. Shu bois butun yo‘lak bo‘ylab hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish va bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yuklarning tezroq harakatlanishi va tranzit vaqtini qisqartirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim vazifa yo‘lakni oldindan rejalashtirish mumkin bo‘lgan, ishonchli tizimga aylantirishdir. Transport va logistika kompaniyalari uchun tashish muddatlarining aniq va barqaror bo‘lishi muhim. Bu yo‘lakning investorlar va biznes uchun jozibadorligini oshiradi.
Shu bilan birga, logistika markazlari, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirish zarur. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumati, xalqaro moliya institutlari va boshqa hamkorlar bilan birgalikda ushbu loyihalarni ilgari surish va Transkaspiy transport yo‘lagini yanada rivojlantirishdan manfaatdor, – dedi Peteris Ustubs.
Muxtasar aytganda, Transkaspiy transport yo‘lagini muvofiqlashtirish platformasi Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” strategiyasi doirasida amalga oshirilib, Markaziy Osiyoning besh davlati, Yevropa Ittifoqi, xalqaro moliya institutlari va boshqa hamkorlar o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi. Konferensiya esa yo‘lakni rivojlantirishga qaratilgan amaliy loyihalarni ilgari surish va yangi hamkorlik imkoniyatlarini belgilashga xizmat qildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA