Tanlovda raqobat emas, kelishuv ustun kelganmi?
Tanlov savdosida raqobat bo‘lmasa, uning o‘zi qanchalik adolatli o‘tgan, deb hisoblash mumkin?
G‘olib oldindan ma’lum bo‘lsa, boshqa ishtirokchilarning teng shartlarda maydonga chiqishidan nima naf? Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan o‘rganishlar aynan shu kabi savollarni o‘rtaga qo‘ydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026-yilning yanvar–iyun oylarida umumiy qiymati 41 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan 345 ta tanlov savdosi tahlil qilindi. O‘rganishlar natijasida qiymati 32,1 mlrd so‘m bo‘lgan 317 ta davlat xaridida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid 842 ta holat aniqlandi.
Jumladan, 2025-yil davomida etender.uzex.uz elektron platformasi orqali yo‘l qurilishida foydalanilgan qurilish materiallari va bajarilgan ishlar sifatini laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish, laboratoriya xulosalari va sinov bayonnomalarini rasmiylashtirish xizmatlarini xarid qilishga oid, boshlang‘ich qiymati 1,6 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 200 ta tanlov savdosi o‘rganildi.
Tahlillar natijasida buyurtmachi hamda tanlovlarda ishtirok etgan ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar harakatlarida raqobatga qarshi kelishuvlar va muvofiqlashtirilgan harakatlar alomatlari mavjudligi aniqlandi.
Xususan, ishtirokchilarning tanlovlarda hududlar kesimida o‘zaro taqsimlangan holda ishtirok etgani, ayrim korxonalarning muntazam ravishda birgalikda qatnashishi natijasida muayyan ishtirokchining doimiy ravishda g‘olib bo‘lgani, taklif etilgan narxlarda bir xil va sinxron yondashuvlar qo‘llangani qayd etildi.
Shuningdek, ayrim holatlarda laboratoriya sinov bayonnomalari tanlov o‘tkazilishi va shartnoma tuzilishidan avval rasmiylashtirilgan. Ba’zi shartnomalar bo‘yicha esa ishlar G‘aznachilikda ro‘yhatdan o‘tgan kunning o‘zida yoki ertasi kuni to‘liq bajarilgani haqida hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Maxsus komissiya buyurtmachining harakatlarida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganini, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar mavjudligini aniqladi.
Aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA