Tramp Turkiyada samolyotini nega almashtirdi?(+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp iyul oyida Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammitidan boshqa samolyotda qaytdi. U bunga ehtimoliy tahdid sabab bo‘lganini aytdi, deb xabar qildi DW nashri.
AQSH prezidenti Donald Tramp 11-avgust, seshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda NATOning Anqaradagi sammitidan keyin Turkiya aeroportida ehtimoliy tahdid sababli samolyotini almashtirganini tasdiqladi. Trampning aytishicha, u AQSH Maxfiy xizmati va harbiylar ko‘rsatmasiga amal qilgan.
The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, prezidentni o‘zining samolyotidan yashirincha chiqarib, bortga ovqat yetkazib berish uchun mo‘ljallangan maxsus mashina orqali boshqa samolyotga olib o‘tishgan. Bu operatsiya Eron tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdidlar sababli amalga oshirilgan.
Tramp operatsiyaning aynan shu tarzda o‘tkazilganini ochiq tasdiqlamagan. Prezidentga hamrohlik qilgan boshqa yo‘lovchilar tahdid haqida ogohlantirilmagan. Samolyot bortida Oq uy xodimlari hamda Donald Trampning xorijiy safarlarida unga hamrohlik qiluvchi jurnalistlar bo‘lgan.
The Washington Post xabar berishicha, ularga samolyot almashtirilayotgani yoki ehtimoliy Eron tahdidi haqida ma’lum qilinmagan. Shuningdek, ulardan samolyot illyuminatorlarining pardalarini yopiq holda saqlash so‘ralgan.
Tramp Turkiyadan keyin Buyuk Britaniyaga uchib borgan. U yerda prezident va uning delegatsiyasi hamda jurnalistlar Qatar tomonidan Trampga sovg‘a qilingan yangi prezidentlik samolyotiga o‘tirishgan. AQSHga yetib kelgach esa Tramp jurnalistlar kameralari qarshisida o‘zining samolyotidan tushgan.
The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra,bu orqali jamoatchilikda prezident Turkiyadan AQSHgacha bo‘lgan butun yo‘lni o‘zining samolyotida bosib o‘tgan, degan tasavvur paydo qilinishi ko‘zlangan.
<iframe width="1337" height="752" src="https://www.youtube.com/embed/_GEhcT2ep2o" title="Tramp Turkiyada samolyotini nega almashtirdi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA