Xitoy sobiq bosh vaziri Chju Junszi vafot etdi
Xitoyning sobiq Bosh vaziri Chju Junszi 97 yoshida vafot etdi.
Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi. Marhum davlat arbobi mamlakat iqtisodiyoti islohoti va Xitoyning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvida muhim o‘rin egallagan siyosatchilardan biri sifatida e’tirof etilgan.
Chju Junszi 1987-yil Shanxay meri etib tayinlanib, shaharning xalqaro moliyaviy markazga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatga rahbarlik qilgan. 1991-yildan markaziy hukumatda ishlab, iqtisodiy islohotlarni ilgari surgan. Shuningdek, o‘tgan asr 90-yillarida u iqtisodiyotdagi alangalanishni jilovlash, davlat korxonalarini kamaytirish va xususiylashtirish, soliq tizimini markazlashtirish hamda uy-joy mulkiga egalik qilish tashabbuslarini amalga oshirishda faol ishtirok etdi.
Chjuning eng muhim yutuqlaridan biri Xitoyning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi uchun olib borilgan muzokara bilan bog‘liq. Uning sa’y-harakatlari natijasida Chin mamlakati 2002-yil JST a’zosiga aylangan.
Siyosatchi 1998-2003-yillari Bosh vazir lavozimida ishlaganda bevosita va keskin bayonotlari bilan tanildi. 2011-yil uning nutqlari to‘plami kitob holida nashr etilib, ommada katta qiziqish uyg‘otgan.
D.Hakimov, O‘zA