Eron harbiy bosimni qancha vaqt saqlab qola oladi?
VVS nashri VVSning Fors xizmati siyosiy va xalqaro munosabatlar sharhlovchisi Said Jafariyning tahliliy fikrlarini e’lon qildi. U Eron harbiy bosimni qancha vaqt saqlab qola oladi, degan savolga o‘zining fikrlarini bildirgan. Said Jafariyning fikricha Eronning AQSH va Isroilga qarshi harbiy bosimni qancha vaqt davom ettira olishiga aniq muddat belgilash qiyin. Chunki bu faqat Eronda qancha raketa yoki dron qolganiga emas, balki ularni qanchalik tez ishlab chiqara olishi, ishlab chiqarish infratuzilmasining holati, iqtisodiy imkoniyatlari va urush taktikasini qanday o‘zgartirishiga ham bog‘liq.
2026-yildagi urushning dastlabki bosqichlarida Eron Yaqin Sharqdagi eng katta ballistik raketa zaxiralaridan biriga ega edi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanishidan oldin Eron zaxirasida turli masofaga uchuvchi katta miqdordagi ballistik raketalar bo‘lgan. Shu sababli, dastlabki kunlarda Eron bir vaqtning o‘zida ko‘p sonli raketa va dronlar bilan zarba berish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Biroq uzoq vaqt yuqori sur’atdagi raketa urushi Eron uchun juda qimmatga tushadi. AQSH va Isroil zarbalari nafaqat raketa uchirish maydonlarini, balki raketa yoqilg‘isi, butlovchi qismlar va tayyor mahsulot ishlab chiqarish ob’ektlarini ham nishonga olgan. Tahlillarga ko‘ra, bu Eronning raketa ishlab chiqarish zanjiriga jiddiy zarar yetkazgan.
Shu bilan birga, Eronning imkoniyatlari butunlay yo‘q qilingan deb aytish ham noto‘g‘ri. 2026-yil may oyidagi AQSH razvedka baholariga tayangan tahlillarda Eron bir qatorerosti raketa ob’ektlari va mobil raketa qurilmalarining katta qismini qayta ishga tushirgani aytilgan. Shuning uchun Eronning strategiyasi faqat «qancha raketa qoldi?» degan savol bilan o‘lchanmaydi. Agar u raketa va dronlarni tejab ishlatsa, dronlar, kiberoperatsiyalar, dengiz yo‘llariga bosim va mintaqadagi hamkor kuchlardan foydalanishga ko‘proq tayansa, harbiy bosimni ancha uzoq saqlab qolishi mumkin.
Bundan tashqari, urush Eronning raqiblari uchun ham katta resurs talab qilmoqda. Masalan, 2026-yil avgust oyida Reuters agentligi AQSH ham uzoq masofali aniq zarba beruvchi raketalar zaxirasi jiddiy kamaygani haqida xabar berdi. Bu uzoq davom etadigan urushda faqat Eron emas, balki AQSH uchun ham qurol-yarog‘ zaxiralari va ishlab chiqarish quvvati muhim omilga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Demak, sharhlovchining fikricha masala «Eronning qachon quroli tugaydi?» degan savoldan ko‘ra, «Eron qurol va iqtisodiy resurslarini qanchalik samarali boshqara oladi va raqiblari qancha vaqt urush xarajatlarini ko‘tara oladi?» degan savolga ko‘proq bog‘liq. Bugungi holatda hech kim Eron yana falon oy urush qila oladi deb ishonch bilan ayta olmaydi.
<iframe width="1337" height="752" src="https://www.youtube.com/embed/tlzIouG-Ex0" title="Eron harbiy bosimni qancha vaqt saqlab qola oladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA