Toşkentda Özbekiston—Iordaniya rektorlarining ilk forumi ötkazilmoqda
Poytaxtimizda Özbekiston va Iordaniya oliy taʼlim muassasalari rahbarlari iştirokida Özbekiston–Iordaniya oliy taʼlim taşkilotlari rektorlarining birinçi forumi öz işini boşladi. Mazkur xalqaro forum Özbekiston Respublikasi Taʼlim va ilm-fan vazirligi hamda Iordaniya Taʼlim va inson resurslarini rivojlantiriş vazirligi taşabbusi bilan taşkil etildi.
Forumning tantanali oçiliş marosimida sözga çiqqanlar Özbekiston va Iordaniya örtasidagi taʼlim hamkorligini yangi mazmun bilan boyitiş, oliy taʼlim taşkilotlari örtasidagi aloqalarni amaliy natijalarga yönaltirişning ahamiyati haqida töxtalib ötdi.
Özbekiston va Iordaniya universitetlari örtasida ilk bor ötkazilayotgan rektorlar forumi ikki mamlakat taʼlim va ilm-fan aloqalari uçun yangi imkoniyatlar eşigini oçişi kutilmoqda.
Tadbir doirasida Iordaniyaning 16 ta universiteti rektorlari hamda Özbekistonning 19 ta yetakçi oliy taʼlim muassasasi vakillari bir maydonda jamlandi.
Forum kun tartibidan bugungi kunda jahon iqtisodiyoti va mehnat bozorida tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan yönalişlar örin olgan. Xususan, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar, muhandislik taʼlimi hamda sanoat integratsiyasi, qayta tiklanuvçi energiya manbalari va yaşil texnologiyalar, suv resurslarini samarali boşqariş masalalari muhokama qilinadi. Şuningdek, tibbiy taʼlim va farmatsevtika, qöşma taʼlim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar hamda akademik almaşinuv böyiça hamkorlik istiqbollariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Iordaniya delegatsiyasiga Taʼlim va inson resurslarini rivojlantiriş vaziri, professor Azmi Mahafzah boşçilik qilmoqda.
Muhayyo Toşqorayeva,
ÖzA