Toshkentda eski uylarda yashovchi ko‘plab oilalar yangi, shinam xonadonlarga ko‘chirilmoqda (+video)
Toshkentda avariya holatidagi uylarda yashovchi ko‘plab oilalar yangi, zamonaviy xonadonlarga ko‘chirilmoqda. Ushbu renovatsiya loyihalari aholining uzoq yillardan buyon hal etilmay kelayotgan muammolariga yechim bo‘lyapti.
Zamonaviy va qulay uy-joy har bir insonning orzusi. Ammo Toshkent shahrida ko‘p yillardan buyon avariya holatidagi eski uylarda yashab kelayotgan aholi uchun bu orzuga yetishish muammo edi. Bugungi kunda Toshkent shahrining qator tumanlarida avariya holatidagi uylarda yashovchi fuqarolar yangi, shinam xonadonlarga ko‘chirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasi.
Poytaxtdagi renovatsiya loyihalari eskirgan uy-joy fondini yangilash, muhandislik va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda aholiga xavfsiz va qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgandir. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan ushbu dastur hududlarda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni kompleks hal etish, eski uylarni yangilash, hovlilarni obodonlashtirish, ekologik sharoitlarni yaxshilash va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishni maqsad qilgan.
Mirobod tumanida tashkil etilgan press-tur davomida renovatsiyaga tushgan uylarning ahvolini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, aholining muammolari va yangi uylarga ega bo‘lganliklaridan xursandliklariga guvoh bo‘ldik. Ular yashagan uylarning holati achinarli, o‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan va butunlay eskirgan. Hovlilar tor, kichik bolalar maydonchalari, eskirgan kommunikatsiya, santexnika va tom qismlari, uy fasadlari ta’mirtalab, maktablar sig‘imi yetarli emas. Bularning barchasi endi ortda qoldi.
– Maxsus avtoturargohlar yo‘qligi sababli hovlilarda doimiy tirbandliklar yuzaga kelardi, – deydi xonadon sohiblaridan biri. – Yong‘in yoki tez tibbiy yordam mashinalarining hududga kirishi muammo edi.
– Hokim keldilar, borib yangi uylarni ko‘rib keldik, bizga Sergeli tumani Qumariq mahallasida qurilgan xonadonlar yoqdi, – deydi Naima Merganova. – Uch xonali uyga ega bo‘ldik.
Hozirda Mirobod, Yashnobod va Sergeli tumanlaridagi uchta hududda renovatsiya loyihalari jadal davom etmoqda. Bu hududlarning umumiy maydoni 67 gektardan ziyod.
Mirobod tumanidagi Fitrat mahallasida 14 gektar maydondagi 57 ta ko‘p qavatli uy va 530 ta xonadon, Yashnobod tumanidagi Jarqo‘rg‘on mahallasida esa 22 gektar maydondagi 57 ta ko‘p qavatli uy va 774 ta xonadon renovatsiya dasturiga kiritilgan.
Mulkdorlarga yangi xonadonlarni o‘zlariga qulay hududdan tanlash imkoniyati berilmoqda. Eng muhimi, ularga mavjud yashash maydonlariga qo‘shimcha yangi uylardan 10 kvadrat metr ko‘proq maydon ajratilmoqda. Agar kimdir uyi uchun tovon puli olishni istasa, shu yerning o‘zida tashkil etilgan shtabda bank va xususiy baholash agentligi xodimlari tomonidan masala tezkor hal etiladi.
Umuman olganda, renovatsiya dasturi mulkdorlarga zamonaviy uy-joylar taqdim etish bilan birga, yillar davomida yig‘ilib qolgan qator muammolarga ham yechim bo‘lmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA