Toshkent viloyatidagi madaniy meros ob’ektlari atroflicha o‘rganilmoqda
O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish hamda me’moriy yodgorliklarning saqlanish holatini muntazam nazorat qilish bugungi kunda davlat siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda hududlarda madaniy meros ob’ektlarini o‘rganish, ularning texnik va me’moriy holatini baholash ishlari izchil davom etmoqda.
Madaniy meros agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyatidagi madaniy meros ob’ektlari va modernizm me’morchiligi namunalarining saqlanish holati o‘rganilmoqda.
Monitoring doirasida Parkent tumanida joylashgan “Quyosh” geliokompleksi ilmiy-tadqiqot institutida o‘rganishlar olib borilib, ob’ektning texnik va me’moriy holati ko‘zdan kechirildi. Natijada majmuaning saqlanish darajasi qoniqarli ekani qayd etildi. Shu bilan birga, uning ayrim qismlarini restavratsiya qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.
Ma’lumot uchun, Parkent tumanida joylashgan “Quyosh” geliokompleksi 1981-1987-yillarda barpo etilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 22-apreldagi tegishli qaroriga muvofiq Madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan hamda davlat muhofazasiga olingan.
Ayni paytda Toshkent viloyatidagi madaniy meros ob’ektlarini o‘rganish va nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA