O‘zbekistonlik Dilshod Narzillayev xalqaro violonchelchilar tanlovining rasmiy laureati sifatida e’tirof etildi (+video).
Joriy yilning 1-may kunidan 31-may kuniga qadar Bryussel shahrida dunyoning eng nufuzli musiqiy tanlovlaridan biri sanalgan Queen Elisabeth Competition xalqaro violonchelchilar tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda ishtirok etish uchun turli mamlakatlardan jami 185 nafar yosh violonchel ijrochisi ariza topshirgan. Saralash bosqichi natijalariga ko‘ra, ularning 64 nafari tanlovning birinchi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Keyingi bosqichlarda raqobat yanada kuchayib, ikkinchi turga 24 nafar ishtirokchi saralab olindi. Final bosqichiga esa eng yuqori natija ko‘rsatgan 12 nafar violonchel ijrochisi yo‘l oldi.
Quvonarlisi, mazkur nufuzli tanlovda Rossiya, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Kanada, AQSH, Italiya, Ispaniya va Yaponiya kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan kuchli ishtirokchilar bilan bir qatorda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan iste’dodli musiqachi, Toshkent shahridagi R.M.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining sobiq o‘quvchisi Dilshod Narzillayev ham finalchilar safidan o‘rin oldi hamda Queen Elisabeth Competition xalqaro violonchelchilar tanlovining rasmiy laureati sifatida e’tirof etildi.
Bu e’tirof O‘zbekistonning boy musiqiy an’analari va iste’dodli yoshlari jahon sahnalarida munosib o‘rin egallayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.
Final bosqichi davomida u o‘zining yuksak ijrochilik mahorati, chuqur musiqiy tafakkuri va professional tayyorgarligi bilan jahonning eng kuchli yosh violonchel ijrochilari qatorida munosib o‘rin egalladi.
Final bosqichi juda yuqori raqobat bilan o‘tdi. Uning chiqishi hakamlar hay’ati va musiqa ixlosmandlari tomonidan yuqori baholandi.
Ma’lumot o‘rnida, Dilshod Narzillayev — xalqaro maydonda tan olingan o‘zbekistonlik violonchel ijrochisi, ko‘plab nufuzli xalqaro tanlovlar laureati va mamlakatimiz musiqa san’atining yorqin namoyandalaridan biri. U musiqiy ta’limni Toshkent shahridagi R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida Jahongir Ibragimov sinfida boshlagan. Keyinchalik AQSHdagi Park University qoshidagi International Center for Music muassasasida tahsil olib, bakalavr darajasini qo‘lga kiritdi. 2020–2022-yillarda Boston shahridagi New England Conservatoryda magistratura bosqichida Laurenc Lesser ustozligida tahsil oldi va mazkur ta’lim muassasasining Graduate Diploma dasturini ham muvaffaqiyatli tamomladi. Ayni paytda Belgiyadagi Queen Elisabeth Music Chapelda mashhur violonchel ustasi Garri Xoffman rahbarligida faoliyat olib bormoqda.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov iqtidorli musiqachini ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy tabriklab, milliy madaniyat va san’atni rivojlantirish, mamlakatimiz nufuzini xalqaro maydonda munosib namoyon etish hamda musiqa san’ati sohasidagi samarali ijodiy faoliyati uchun Dilshod Narzillayev Madaniyat vazirligining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Biz ham fursatdan foydalanib, qahramonimizga o‘zbek san’atini dunyo sahnalarida ijro etishlarida omad tilab qolamiz.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/Da-TyvMhrCA" title="Dilshod Narzillayev xalqaro violonchelchilar tanlovi laureati" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA