Namanganda maqom navosi: Sharq musiqasi dunyo xalqlarini birlashtirdi
Maqom — xalqimizning asrlar davomida sayqallangan ruhi, tarixi va qalb sadosi.
Unda sharqona nafosat, hayot falsafasi va inson tuyg‘ulari mujassam. Har bir maqom navosi o‘tmish bilan bugunni bog‘lab, milliy merosimizning betakror jozibasini namoyon etadi. Shu bois maqomchilik san’ati xalqimiz ma’naviyatining eng noyob durdonalaridan biri sifatida alohida qadrlanadi.
Joriy yil 23–26-iyun kunlari Namanganda YUNESKO va AYSESKO shafeligida o‘tkazilayotgan “III Xalqaro maqom san’ati anjumani” nafaqat O‘zbekiston, balki butun Sharq musiqa merosini ulug‘lovchi yirik xalqaro voqea sifatida tarixga kirishi kutilmoqda.
Ushbu nufuzli anjuman Namanganni xalqaro maqom san’ati, ilmiy izlanishlar va madaniy muloqot markaziga aylantirmoqda. Unda dunyoning 83 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotidan 230 nafardan ziyod vakil ishtirok etmoqda.
Tadbirda bir qator mamlakatlar madaniyat vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va taniqli san’at arboblari ham qatnashmoqda. Bu esa anjumanning siyosiy va madaniy ahamiyati naqadar yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Anjuman doirasida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalar va ilmiy-amaliy forumlar “Sharq maqomining yangi tendensiyalari: an’ana va innovatsiya o‘rtasidagi bog‘liqlik” mavzusiga bag‘ishlanadi. Bu maqom san’atining faqat o‘tmish merosi emas, balki zamonaviy ijodiy jarayonlar bilan hamohang rivojlanayotganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, yosh ijodkorlar ishtirokidagi ilmiy anjumanlar maqom san’atining kelajak avlodga yetkazilishida muhim o‘rin tutadi.
Anjuman doirasida o‘tkaziladigan xalqaro tanlovda 18 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etadi. Ozarbayjon, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Turkiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa ko‘plab mamlakatlarning mashhur ansambllari va ijrochilari sahnaga chiqadi.
O‘zbekiston nomidan esa davlat simfonik orkestri, “Maqom bend”, “Dilnavoz” ansambllari hamda yosh maqomchilar terma jamoasi o‘z mahoratini namoyish etadi. Bu esa milliy san’atimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.
Tanlov g‘oliblari Gran-Pri (15 000 AQSH dollari)dan tortib, tegishli o‘rinlar uchun belgilangan pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi sozanda”, “Eng yaxshi yosh maqomchi” kabi maxsus nominatsiyalar ham joriy etilgan.
Har bir ishtirokchiga xalqaro sertifikat berilishi esa ushbu anjumanning professional va nufuzli darajasini yanada oshiradi.
Anjuman faqatgina musiqiy bellashuv emas, balki turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqot maydoniga ham aylanmoqda. “Yangi O‘zbekiston” bog‘i hududida tashkil etilgan pavilonlarda mamlakatlarning milliy madaniyati, san’ati, hunarmandchiligi va an’analari namoyish etilmoqda.
Namanganda yangrayotgan har bir maqom navosi Sharqning betakror ruhini dunyoga taratmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA