O‘zbekiston – Ispaniya do‘stlik jamiyati tashkil etildi (+video)
Bugun O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston–Ispaniya do‘stlik hamjamiyatini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskorlarning birinchi ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda mazkur hamjamiyatning asosiy maqsad va vazifalari muhokama qilindi.
Xususan, Ispaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi turizm hamda ishbilarmonlik munosabatlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, do‘stlik hamjamiyati xalq diplomatiyasining muhim institutlaridan biri bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, sayyohlar va tadbirkorlar uchun qulay muloqot hamda hamkorlik muhitini yaratishga xizmat qiladi. Kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston–Ispaniya do‘stlik hamjamiyati raisligi lavozimiga nomzodlar ko‘rib chiqildi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismailova hamjamiyat raisi etib saylandi.
Ta’kidlash joizki, do‘stlik jamiyatlari nodavlat notijorat tashkilotlari sifatida diaspora vakillari va tashabbuskor fuqarolar sa’y-harakatlari asosida faoliyat yuritadi. Ular xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Mazkur hamjamiyat O‘zbekiston va xorijiy davlatlar o‘rtasida tashkil etilgan qirq yettinchi do‘stlik jamiyati bo‘ldi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/vkQSHPHRH3U" title="Oʻzbekiston–Ispaniya doʻstlik jamiyati tashkil etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mehrojiddin Umurzaqov, Doniyor Yakubov, O‘zA