Toshkent aeroportida bolalar mehnatiga qarshi aksiya o‘tkazildi
12-iyun — Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni munosabati bilan Toshkent xalqaro aeroportida ijtimoiy aksiya tashkil etildi. Unda aeroportning turli xizmatlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar bolalar huquqlarini himoya qilishga chaqiruvchi ramzlar tushirilgan kepka va futbolkalarda ish smenasiga chiqdi.
Aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoatchilik e’tiborini har bir bolaning xavfsiz bolalik, sifatli ta’lim olish va erkin rivojlanish huquqiga qaratishdan iborat. Tadbir orqali bolalar mehnatining har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va bu boradagi xabardorlikni oshirishga alohida urg‘u berildi.

Tashabbus doirasida ro‘yxatga olish agentlari, yer usti xizmatlari va obodonlashtirish bo‘limi xodimlari aksiyada faol ishtirok etdi. Shuningdek, aeroport terminallarida xodimlar uchun axborot-tushuntirish tadbirlari o‘tkazilib, bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro me’yorlar haqida ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanishicha, “Uzbekistan Airports” tizimida bolalar mehnatining har qanday shakliga nisbatan mutlaqo murosasiz yondashuv amal qiladi. Kompaniya faoliyati xalqaro standartlar va mehnat huquqlari talablariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etilmoqda.

Mazkur aksiya yangi O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish, ular uchun munosib sharoit yaratish va bolalar mehnatiga barham berishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA