Tomas Gnot: O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanmoqda
Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari - CAITME 2026” 17-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasining ikkinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Germaniyaning “Optibelt GmbH” kompaniyasi ham o‘z mahsulot va imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Bu haqda kompaniyaning MDH davlatlari bo‘yicha hududiy savdo menejeri Tomas Gnot O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar va iqtisodiyotning, ayniqsa, sanoat hamda to‘qimachilik tarmog‘ining jadal rivojlanayotgani bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mamlakatda biznes yuritish va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratilayotganini ko‘rib turibmiz. Bu jarayonlarda o‘z hissamizni qo‘shishdan manfaatdormiz.
“Optibelt GmbH” kompaniyasi O‘zbekistondagi “Advantex” MCHJ bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib kelyapti. U bizning mamlakatdagi distribyutorimiz hisoblanadi. “Advantex” kompaniyasi manfaatlarimizni ifodalaydi, mahsulotlarimizni mahalliy bozorda ilgari surish va yangi mijozlar bilan aloqalar o‘rnatishda muhim hamkorimizdir.
“Optibelt” mashinasozlik, ayniqsa, to‘qimachilik sanoati uchun uzatma tasmalari, ponasimon, tishli va ko‘p ponali tasmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Biz “CAITME” ko‘rgazmasida har yili ishtirok etamiz. O‘zbekiston bozori biz uchun istiqbolli yo‘nalishlardan biri. Bu safar ham hamkorlik doirasini kengaytirish, yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish va sotuvlar hajmini oshirishni kutyapmiz.
O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanayotganidan juda xursandmiz. Mamlakatning iqtisodiy salohiyati ortib borayotganini ko‘ryapmiz. Shu sababli, bu jarayonda faol ishtirok etib, mahalliy hamkorlarimiz bilan birgalikda yangi loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, “Optibelt GmbH” Germaniyaning Xyokster shahrida joylashgan bo‘lib, harakat uzatish texnologiyalari sohasida dunyoga tanilgan kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uning mahsulotlari dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan, mashinasozlik va to‘qimachilik tarmoqlarida qo‘llaniladi.
Umuman, “CAITME 2026” kabi xalqaro ko‘rgazmalar xorijiy ishlab chiqaruvchilar va mahalliy korxonalar o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va to‘qimachilik sanoatining eksport salohiyatini yanada oshirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat)
yozib oldi.