Kichik sexdan yirik korxona sari
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida muayyan tajriba shakllangan.
Tumanda biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlik sub’ektlariga zarur shart-sharoitlar yaratish hamda sohaga oid qonun hujjatlarining joylarda samarali ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Vang‘ozi mahallasida faoliyat yuritayotgan “Afsonaviy Vang‘ozi” mas’uliyati cheklangan jamiyati misolida buning amaliy natijalarini ko‘rish mumkin. Korxona huzuridagi “Farzod” pishiriq tayyorlash sexi 2018-yilda 5 nafar xodim bilan ish boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda 60 nafar kishining bandligini ta’minlamoqda.
[gallery-31301]
— Turmush o‘rtog‘im va singlimning pishiriq tayyorlash bo‘yicha tajribasi bu yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini boshlashimga turtki bo‘ldi, - deydi MCHJ rahbari Fayoz To‘rayev. — Ular pishiriq tayyorlashga qiziqqan xotin-qizlarni jalb etib, bu kasb sirlarini o‘rgatishdi. Dastlab kichik sex ochib, kam sonli jamoa bilan ish boshladik. Imtiyozli kreditlardan foydalanib, zarur uskunalarni xarid qildik.
Ayni paytda sexda mehnat qilayotgan 60 nafar ishchining 10 nafari erkaklardan iborat. Ular qadoqlash, mahsulotlarni sotish hamda buyurtmalarni yetkazib berish ishlariga jalb qilingan.
Sexda 100 turdan ortiq pishiriq mahsulotlari tayyorlanadi. Issiq mavsumda bir kunda 600–700 kilogrammgacha, qish faslida esa 2 tonnagacha mahsulot ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarni sifatli saqlash uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
— Kelgusida pishiriq hamda kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirib, eksportni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Kelasi yil Ayronchi mahallasida go‘sht va sutni qayta ishlash, shuningdek, pishiriq mahsulotlari tayyorlashga ixtisoslashgan yirik zavod qurish niyatimiz bor. Bu orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksportbop mahsulotlar tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz, - deydi F. To‘rayev.
Bugun kichik sexdan boshlangan faoliyatning izchil kengayib borayotgani yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va mahallada tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA