O‘zbekiston mayiz eksportida dunyoda 7-o‘rinda: asosiy bozor — Yaponiya.
Dunyoda mayiz eksporti bo‘yicha 7-o‘rinda turgan O‘zbekiston uchun Yaponiya bozori alohida ahamiyatga ega. Xalqaro sifat standartlariga rioya etilishi, milliy mahsulotlarimiz eksportining yanada kengayishiga zamin yaratadi.
O‘zbekiston 2026-yilning yanvar–iyun oylarida 57 ta davlatga salkam 50 ming tonna mayiz eksport qilgan. Aynan mazkur turdagi mahsulot eksporti bo‘yicha mamlakatimiz dunyoda 7-o‘rinni egallaydi. Eksportning katta qismi Yaponiya hissasiga to‘g‘ri keladi.
- Ishlab chiqaruvchilar, kafelar, brendlar O‘zbekistonning xom-ashyosidan foydalangan xolda retsept tayyorlab mahsulot taqdim qilishadi, - deydi «O‘zbekiston-Yaponiya» savdo uyi rahbari Bunyod Ibrohimov. – Biz yil oxirida “eng yaxshi retsept”, “eng yaxshi mahsulot”ni aniqlaymiz va ularga o‘rinlarni ko‘rgazmada e’lon qilamiz. Biz o‘sha retseptlarning tarkibida aynan O‘zbekiston mahsulotlari bilan ko‘rsatadigan bo‘lsak, boshqa ishlab chiqaruvchilar ham yurtimiz mahsulotlariga qiziqishi ortadi. Eksport hajmi ham ko‘payadi. Yaponiyadagi eng mashhur qandolatchilarning milliy mahsulotimizdan foydalanishsa, boshqalar ham shunga intiladi.
Yaponiya bozorida oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan qat’iy talablar belgilangan. Shu sababli bugun mahalliy yetishtiruvchilar oldida turgan asosiy maqsad xalqaro standartlarning joriy etilishi. Aynan shu masala Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasida o‘tkazilgan uchrashuvda e’tibor markazida bo‘ldi.
- O‘zbekistondan Yaponiya davlatiga hozirgi kunda mayiz, dukkakli mahsulotlar, poliz ekinlari hamda meva-sabzavotlarimiz eksporti amalga oshirilmoqda, - deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Nargiza Murodjonova. – Aynan mayiz mahsuloti bo‘yicha birinchi yarim yillikda 73 ming AQSH dollarlik eksport amalga oshirildi. Bunda mayizning o‘rtacha narxi o‘tgan yili 4.9 dollar bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 5.4 dollarga oshdi. O‘zbekistondagi milliy mahsulotlarimizni dunyoga tanitishda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirilayotgan ko‘rgazmalar va yarmarkalarning ahamiyati katta.
O‘zbekiston mayiz eksporti bo‘yicha jahonda muhim o‘rinlardan birini egallagan holda, Yaponiya kabi talabchan bozorlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishda davom etmoqda. Eksport hajmini oshirish va mahsulot qiymatini yuksaltirishda xalqaro standartlarga moslikni ta’minlash hamda O‘zbekiston mahsulotlarini xorijda, xususan, mashhur retseptlar orqali faol targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar oldiga sifat va xavfsizlik talablarini qat’iy bajarish vazifasini qo‘yadi.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA