Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun ajratilgan 90 milliard so‘mga qanday ishlar bajarildi?
Barchaga ma’lum, qishning qirovli kunlarida issiqlik ta’minoti tizimiga tushadigan yuklama ham ortadi. Xonadonlar, ijtimoiy soha ob’ektlari va tashkilotlarda issiqlikning uzluksiz bo‘lishi esa bugundan ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlarining sifatiga bog‘liq. Shu bois kuz-qish mavsumi oldidan qozonxonalarni ta’mirlash, issiqlik tarmoqlarini yangilash, eskirgan uskunalarni tiklash va avariyaviy holatlar uchun zarur zaxiralarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
"Issiqlikta’minoti" aksiyadorlik jamiyatining ma’lum qilishicha, 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida hududlarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Rejaga kiritilgan o‘nlab qozonlar va yuzlab kilometr issiqlik tarmoqlarining texnik holati qayta ko‘rib chiqilib, ularni ta’mirlash choralari ko‘rilmoqda. Zero, qish mavsumini betalafot o‘tkazishning eng muhim sharti — sovuq kunlar kelgunga qadar tizimdagi har bir bo‘g‘inni ishonchli holatga keltirishdir.
Viloyatlarda issiqlik ta’minoti tizimini kuz-qish davrida barqaror ishlatish uchun Respublika byudjetidan 90 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan 41 ta qozon, 25,7 kilometr issiqlik tarmog‘i va 91 ta yordamchi uskunani mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, issiqlik ta’minoti korxonalarining o‘z mablag‘lari hisobidan 77 ta qozon va 42,4 kilometr issiqlik tarmog‘ini joriy ta’mirlash belgilangan. Bu raqamlar issiqlik infratuzilmasining texnik holatini yaxshilash, mavsum davomida uzilishlar va avariyaviy holatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan ishlar ko‘lami ancha keng ekanini ko‘rsatadi.

Ayni paytda joriy ta’mirlash ishlarida sezilarli natijalarga erishilgan. Xususan, rejalashtirilgan 77 ta qozonning 65 tasi, ya’ni 84,4 foizi, shuningdek, 42,4 kilometr issiqlik tarmog‘ining 32,2 kilometri, ya’ni 75,9 foizi ta’mirlangan. Mukammal ta’mirlash ishlari bo‘yicha esa hududiy issiqlik ta’minoti korxonalari tomonidan maxsus hisob raqamlari ochilib, belgilangan mablag‘lar to‘liq moliyalashtirilgan. Hozirda ob’ektlarda ishlarni boshlash uchun loyiha-smeta hujjatlarini shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan 5,1 kilometr issiqlik tarmog‘i va 30 ta yordamchi uskuna mukammal ta’mirlangan.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning muhim qismi Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda. Poytaxtda 37 ta qozon va 86,6 kilometr issiqlik tarmog‘ini mukammal ta’mirlash, shuningdek, 542 ta qozon hamda 441,5 kilometr issiqlik tarmog‘ini joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Bugungi kunga kelib, 31 ta qozon, ya’ni rejaning 84 foizi, hamda 52,4 kilometr issiqlik tarmog‘i yoki 60 foizi mukammal ta’mirlangan. Joriy ta’mirlash ishlarida esa reja to‘liq bajarilgan. 542 ta qozon va 441,5 kilometr issiqlik tarmog‘idagi ta’mirlash ishlari 100 foizga yakunlangan.

Bu ko‘rsatkichlar poytaxtda issiqlik ta’minoti ob’ektlarining mavsumga tayyorgarligi bo‘yicha asosiy e’tibor texnik jihatdan eng muhim ob’ektlarni ishonchli holatga keltirishga qaratilganini ko‘rsatadi. Kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minotida barqarorlikni ta’minlash faqat ta’mirlash bilan cheklanmaydi. Qishning sovuq kunlarida avariyaviy holatlar yoki texnik nosozliklar yuzaga kelishi ehtimolini hisobga olib, zarur ehtiyot qismlar va uskunalar zaxirasini shakllantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda 18,6 kilometr issiqlik tarmog‘i, 874 ta zadvijka, 4 860 kilogramm elektrod va 83 ta dizel generator zaxirasini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Bu, ayniqsa, qishning eng sovuq davrida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish imkonini beradi. Umuman, 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘rinib turibdiki, asosiy vazifa nafaqat issiqlik ob’ektlarini ta’mirlash, balki butun tizimning mavsum davomida uzluksiz va ishonchli ishlashini ta’minlashdan iborat.
Ayni paytda joriy ta’mirlash ishlarining asosiy qismi bajarilgan bo‘lsa-da, mukammal ta’mirlash bo‘yicha qolgan ishlarni belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash muhim. Chunki issiqlik ta’minotida tayyorgarlikning haqiqiy samarasi ta’mirlash ishlari hajmi bilan emas, balki qish mavsumida iste’molchilarga issiqlikning uzluksiz yetkazib berilishi bilan baholanadi. Shu bois mavsum boshlangunga qadar qolgan ishlar, ayniqsa, mukammal ta’mirlash, loyiha-smeta hujjatlarini rasmiylashtirish va zarur zaxiralarni shakllantirishni yakuniga yetkazish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA