Tog‘-kon sohasida yangi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi
Mamlakatimizda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, mineral resurslarni chuqur o‘rganish va xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, investitsiya va ilg‘or tajribani jalb etish sohaning yangi imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Niderlandiya kompaniyalari bilan tog‘-kon va mineral resurslar sohasida yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar hamda “WMC Group” kompaniyasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda shu masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Muloqotda O‘zbekiston va YeI o‘rtasida tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, Niderlandiyaning mamlakatimiz tog‘-kon va mineral resurslar sohasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida “WMC Group” vakillari kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati, amalga oshirayotgan ishlari va mamlakatdagi loyihalari haqida taqdimot o‘tkazdi.
Tomonlar yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA