Jizzaxda paxta yig‘im-terimi sur’ati oshmoqda
Jizzax viloyatida paxta hosilini qisqa muddatda, sifatli va nobudgarchiliksiz yig‘ib-terib olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Viloyat hokimi rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda terim sur’atini yanada oshirish, mavjud texnikadan samarali foydalanish, mexanizatorlar mehnatini munosib rag‘batlantirish hamda dalada yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Ayni paytga qadar viloyatda 92 ming tonna, ya’ni jami paxta hosilining 26,4 foizi yig‘ib-terib olingan. Kunlik terim hajmi 12,9 ming tonnani tashkil etmoqda.

Ayrim hududlarda terim sur’atini oshirish uchun paxta terish mashinalaridan tunu kun samarali foydalanish, ularning ish unumdorligini oshirish va qo‘shimcha mexanizatorlarni jalb etish vazifasi qo‘yildi. Ayrim mexanizatorlar navbat asosida ish tashkil etib, bir sutkada 60-70 tonnagacha paxta terib olmoqda. Bu tajribani boshqa hududlarda ham keng qo‘llash maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Terimning uzluksizligini ta’minlash uchun texnikalarni tashish vositalari bilan ta’minlash, qabul maskanlarida navbatlarning oldini olish va yoqilg‘ini dalalarga o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Mexanizatorlarga hozirga qadar 2 milliard 800 million so‘m ish haqi to‘langan. Mehnat haqini o‘z vaqtida to‘lash, terim bilan bog‘liq moliyaviy hisob-kitoblarni tizimli tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, terilgan paxtani qabul qilish va rasmiylashtirish ishlarini jadallashtirish, paxtani qabul qilish va hisobga olishda talab etiladigan rasmiy hujjatlar hamda hisob-fakturalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish vazifasi belgilandi. Paxta qabul qilish maskanlarida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash ham mas’ullar zimmasiga yuklatildi.
Viloyat va tumanlar ishchi guruhlari fermer xo‘jaliklari bilan shartnomaviy rejalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha manzilli ishlarni davom ettirmoqda.
Hudud rahbarlari va mas’ullarga terim sur’atini yanada oshirish, mavjud texnikalardan to‘liq foydalanish va mavsumni uyushqoqlik bilan yakunlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri