Surxondaryoning ishbilarmon ayollari
Termiz shahrida O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” loyihasi doirasida “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Unda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida saralangan 14 nafar tadbirkor ayol o‘z faoliyati, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari va amalga oshirayotgan loyihalarini keng namoyish etdi. Ish o‘rinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarish hajmi, tovar aylanmasi va eksport salohiyati haqidagi ma’lumotlari taqdimotini o‘tkazdi. Hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilarning tadbirkorlik faoliyatini o‘rganib, ularning ishlab chiqarish imkoniyatlari va natijalarini tahlil qildi.

Tadbirkor xotin-qizlarning tashabbuskor, fidoyi va izlanuvchanligi o‘z ifodasini topgan tanlov yakunida Denov tumanidagi “Muhsinovlar” oilaviy korxonasi rahbari Madina Muhsinova faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Boysun tumanidagi “Dream Shahrinaz” oilaviy korxonasi rahbari Nilufar Jo‘rayevaga, uchinchi o‘rin Sherobod tumani vakili, yakka tartibdagi tadbirkor Dilnoza Abdurasulovaga nasib etdi.

– Oilaviy korxonamiz ko‘p tarmoqli bo‘lib, asosiy yo‘nalishimiz tikuvchilik, – deydi “Muhsinovlar” oilaviy korxonasi rahbari Madina Muhsinova. – Shu bilan birga, qandolatchilik, asalarichilik va konserva mahsulotlari tayyorlash bilan ham shug‘ullanamiz. Yoshlarga kasb o‘rgatish maqsadida o‘quv markazi tashkil etganmiz. Korxonamizda 350 kishi ish bilan ta’minlangan. Mahsulotlarimizni qo‘shni Tojikistonga ham eksport qilyapmiz. “Ishbilarmon ayol” tanlovida mehnatimiz va faoliyatimizga berilgan e’tibordan mamnunman. Partiyaning tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlab, ularning tashabbuslarini keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratayotganidan xursandmiz. Bu tanlov tadbirkor ayollarni nafaqat iqtisodiy faollikka, balki jamiyat hayotida yanada faol ishtirok etishga undaydi.

Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari pul mukofoti, diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri