Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsuloti ikki baravar o‘sdi
Pandemiyadan keyingi tiklanish, barqaror iqtisodiy o‘sish va tarkibiy o‘zgarishlar
2021-2025-yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va iqtisodiyoti barqarorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Bu pandemiyadan keyingi tiklanish, barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish hamda mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlarda o‘z aksini topdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sho‘’ba mudiri Ruslan Abaturov YAIMning ishlab chiqarish usuli bo‘yicha dinamikasi va tarkibiy o‘zgarishlarini Jahon bankining Jahon taraqqiyoti ko‘rsatkichlari asosida tahlil qilib berdi:
– Ko‘rib chiqilayotgan davrda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati jami YAIMi dollar hisobida nominal jihatdan qariyb ikki baravarga oshib, 2020-yildagi 285 mlrd. dollardan 2025-yilda 543 mlrd. dollarga yetdi. Asosiy o‘sish Qozog‘iston – 135 mlrd. dollar va O‘zbekiston – 77 mlrd. dollar hissasiga to‘g‘ri kelib, ular birgalikda mintaqaviy o‘sishning 82 foizini ta’minladi.
Mintaqa YAIMining mamlakatlar kesimidagi tarkibida Qozog‘iston eng katta ulushga ega bo‘lib, uning hissasi 60 foizdan 56 foizga kamaydi. O‘zbekistonning ulushi 24,6 foizdan 27,1 foizga, Qirg‘izistonniki 2,9% foizdan 4,2 foizga, Tojikistonniki 2,9 foizdan 3,3 foizga oshdi. Turkmanistonning ulushi esa 9,6 foizdan 9,2 foizga kamaydi.

Mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti Qozog‘iston bo‘lib qolmoqda. Mamlakat YAIMi 5 yil davomida 171 mlrd. dollardan 306 mlrd. dollarga oshdi. O‘rtacha yillik real o‘sish 4,8 foizni tashkil etib, mintaqa mamlakatlari orasida eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Shu sababli Qozog‘istonning mintaqa iqtisodiyotidagi ulushi kamaydi.

Qozog‘iston YAIMi tarkibida qishloq xo‘jaligining ulushi 5,4 foizdan 3,7 foizga (−1,6 f.b.), sanoat va qurilishning ulushi esa 33,1 foizdan 32,3 foizga (−0,8 f.b.) kamaydi. Shu bilan birga, xizmatlar sohasining ulushi 56,1 foizdan 57,7 foizga (+1,6 f.b.) oshdi. Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik real o‘sishi 3,5 foizni, sanoat va qurilishda 5,5 foizni, xizmatlar sohasida 4,4 foizni tashkil etdi.
Qirg‘iziston YAIMi 8,3 mlrd. dollardan 22,6 mlrd. dollarga yetdi. O‘rtacha yillik real o‘sish 9,2 foizni tashkil etib, mintaqa mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. 2021-yildan keyin iqtisodiy o‘sish tezlashib, 2022-2023-yillarda real YAIM o‘sishi yiliga qariyb 9 foizni, 2024-2025-yillarda esa 11 foizdan ortiqni tashkil etdi.
Qirg‘iziston iqtisodiyoti tarkibida qishloq xo‘jaligining ulushi 12,2 foizdan 8,0 foizga (−4,2 f.b.) kamaydi. Sanoat va qurilishning ulushi deyarli o‘zgarmay, 26,9 foizdan 26,5 foizga (−0,4 f.b.) tushdi, xizmatlar sohasining ulushi esa 50,7 foizdan 51,2 foizga (+0,5 f.b.) oshdi. Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik real o‘sishi 2,3 foizni, sanoat va qurilishda 10,5 foizni, xizmatlar sohasida 8,5 foizni tashkil etdi.
Tojikiston iqtisodiyoti hajmi 8,1 mlrd. dollardan 17,7 mlrd. dollarga yetdi, o‘rtacha yillik real o‘sish 8,5 foizni tashkil etdi. YAIM tarkibida qishloq xo‘jaligining ulushi deyarli o‘zgarmay, 22,7 foizdan 22,9 foizga (+0,2 f.b.) oshdi. Sanoat va qurilishning ulushi 33,8 foizdan 32,2 foizga (−1,6 f.b.) kamaygan bo‘lsa, xizmatlar sohasining ulushi 35,3 foizdan 38,0 foizga (+2,7 f.b.) oshdi. Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik real o‘sishi 1,2 foizni, sanoat va qurilishda 10 foizni, xizmatlar sohasida 9,7 foizni tashkil etdi. Tarmoqlar bo‘yicha o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari 2021-2024-yillar uchun keltirilgan.
Turkmaniston YAIMi 2021-2025-yillarda 27,4 mlrd. dollardan 49,8 mlrd. dollarga yetdi, o‘rtacha yillik real o‘sish 6,3 foizni tashkil etdi. Iqtisodiyotda qishloq xo‘jaligining ulushi 11,6 foizdan 12,4 foizga (+0,8 f.b.) oshdi, sanoat va qurilishning ulushi esa 36,9 foizdan 36,0 foizga (−0,9 f.b.) kamaydi. Xizmatlar sohasining ulushi 48,6 foizdan 48,9 foizga (+0,2 f.b.) oshdi. Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning o‘rtacha yillik real o‘sishi 5,7 foizni, sanoat va qurilishda 5,1 foizni, xizmatlar sohasida 11,3 foizni tashkil etdi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 70,1 mlrd. dollardan 147 mlrd. dollarga yetdi, o‘rtacha yillik real o‘sish 7 foizni tashkil etdi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda iqtisodiyot tarkibida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Qishloq xo‘jaligining ulushi 21,6 foizdan 16,6 foizga (−5,0 f.b.) kamaydi, ushbu sektorda o‘rtacha yillik real o‘sish 3,9 foizni tashkil etdi. Sanoat va qurilishning ulushi 33,4 foizdan 32,5 foizga (−0,8 f.b.) tushdi, o‘rtacha yillik o‘sish esa 7,2 foiz bo‘ldi. Xizmatlar sohasining ulushi 38,7 foizdan 46,5 foizga (+7,7 f.b.) oshdi va ushbu sohada eng yuqori o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati – 8,7 foiz qayd etildi.

Umuman, 2021-2025-yillarda mintaqa mamlakatlari uchun YAIMning o‘sishi, sanoat va qurilishda qo‘shilgan qiymatning qishloq xo‘jaligiga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi, xizmatlar sohasining iqtisodiyotda ustun mavqeni saqlashi va uning YAIM tarkibidagi ulushi oshishi umumiy tendensiyalar bo‘ldi.
2021-2025-yillarda mintaqa YAIMining tarmoq tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 50,4 foizdan 53 foizga (+2,6 f.b.) oshdi, qishloq xo‘jaligining ulushi 10,7 foizdan 8,8 foizga, sanoat va qurilishning ulushi esa 33,4 foizdan 32,5 foizga kamaydi.

Mintaqada qishloq xo‘jaligi ulushining qisqarishi asosan yirik iqtisodiyotlar – O‘zbekiston va Qozog‘istondagi tarkibiy o‘zgarishlar, shuningdek, Qirg‘izistonda agrar sektor ulushining sezilarli kamayishi hisobiga yuz berdi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat hajmi barcha beshta mamlakatda o‘sdi. Demak, qishloq xo‘jaligi ulushining kamayishi sektordagi pasayish bilan emas, balki uning boshqa tarmoqlarga nisbatan sekinroq o‘sishi bilan izohlanadi. Xususan, barcha mamlakatlarda sanoat va qurilishdagi real qo‘shilgan qiymat qishloq xo‘jaligiga nisbatan tezroq o‘sdi.
Oraliq yillar ko‘rsatkichlarini taqqoslash barqaror va qaytar xususiyatga ega o‘zgarishlarni ajratish imkonini beradi. O‘zbekistonda xizmatlar sohasi ulushining oshishi va agrar sektor salmog‘ining kamayishi deyarli har yili kuzatildi. Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligi ulushining qisqarishi eng izchil jarayon bo‘ldi. Qozog‘iston va Turkmanistonda xizmatlar sohasining ulushi dastlab kamayib, keyin yana o‘sdi va 2025-yilga kelib 2020-yil darajasidan yuqori bo‘ldi. Tojikistonda 2021-yildan keyin xizmatlar sohasining ulushi oshib bordi, qishloq xo‘jaligi esa iqtisodiyotdagi avvalgi salmog‘i va ahamiyatini saqlab qoldi.
Umuman, mintaqaning beshta mamlakati uchun yagona tarkibiy o‘zgarish modeli kuzatilmadi. Qozog‘iston ushbu davrni xizmatlar sohasining yuqori ulushi bilan boshladi va keyingi yillarda bu ko‘rsatkich mo‘’tadil o‘sdi. O‘zbekistonda xizmatlar sohasining iqtisodiyotdagi ulushi sezilarli oshdi, agrar sektor ulushi esa kamaydi. Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligining ulushi keskin qisqardi, ayni paytda sanoatda yuqori real o‘sish kuzatildi. Tojikiston iqtisodiyotida agrar sektorning yuqori ulushi saqlanib qoldi, Turkmanistonda esa asosiy tarmoqlar ulushi nisbatan barqaror bo‘ldi.
Yakuniy natijalar ko‘rib chiqilayotgan besh yil davomida mintaqa mamlakatlarining barchasida iqtisodiy o‘sish barqaror saqlanganini ko‘rsatadi. Mintaqa iqtisodiyoti tarkibida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning nisbiy ulushi oshdi, Qozog‘iston esa hamon Markaziy Osiyo jami YAIMining yarmidan ko‘pini ta’minlamoqda. Tarmoqlar kesimida eng barqaror umumiy tendensiya xizmatlar sohasi ulushining oshishida namoyon bo‘ldi. Bu Markaziy Osiyo iqtisodiyotida tarmoqlar tarkibi diversifikatsiyalashib, xizmatlar sohasining iqtisodiy ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
O‘zA muxbiri Mohigul Qosimova yozib oldi.