Tibbiyot xodimlarining xorijda ta’lim olish va malaka oshirishi uchun tanlov davom etmoqda
Har yili mutaxassislarning xorijda o‘qishi va malaka oshirishi uchun 50 milliard so‘m ajratiladi
Mamlakatimizda har yili Davlat byudjeti mablag‘laridan 50 milliard so‘m ajratilib, tibbiyot mutaxassislarining xorijda o‘qishi, malaka oshirishi va qayta tayyorlanishini tashkil qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Nomzodlar tomonidan topshirilgan hujjatlarni qabul qilish va belgilangan tartibda tanlov o‘tkazish uchun Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi mas’ul hisoblanadi. Ushbu jarayonni amalga oshirish uchun shaffoflikka asoslangan yangi mexanizm joriy etilgan.
Tanlov g‘oliblarining magistratura va klinik ordinaturada yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qish xarajatlari, kontrakt puli hamda davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining xorijda malaka oshirishi va qayta tayyorlanishi bilan bog‘liq xarajatlar Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan qoplab berilmoqda.
Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi direksiyasi boshlig‘i Anvar Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda xorijiy oliy o‘quv yurtlaridagi klinik ordinaturaga o‘qishga kirgan 75 nafar yigit-qizning kontrakt to‘lovlari uchun 13 milliard 95,3 million so‘m, 29 nafar talabaning yashash va kunlik to‘lovlari uchun 2 milliard 492,6 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Shuningdek, 361 nafar tibbiyot mutaxassisining xorijda malaka oshirishi uchun 21 milliard 232,4 million so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
– Bundan tashqari, yurtimiz tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish uchun yurtimizga 50 nafar xorijlik mutaxassis jalb qilingan bo‘lib, bunga 326 million so‘m mablag‘ sarflandi, – deydi Anvar Hasanov. – Ushbu faoliyat 2026-yilda ham davom ettirilib, birinchi yarim yillikda 225 nafar mutaxassis xorijda malaka oshirish imkonini qo‘lga kiritdi. Bunga 16 milliard 565,3 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. 2026-yilda tibbiyot xodimlarimizning malakasini oshirish uchun yurtimizga 100 nafar chet ellik mutaxassis jalb qilinishi hamda xorijiy oliy o‘quv yurtlaridagi klinik ordinaturaga 50 nafar bitiruvchini Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘qishga yuborish rejalashtirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, shu kunlarda Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazining https://mas.ssv.uz axborot tizimi orqali (2026-yil 10-iyuldan 10-avgustgacha) xorijda ta’lim olish va malaka oshirish uchun bu yilning ikkinchi tanlovi o‘tkazilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA