O‘zbekiston tuprog‘i xorijliklarni boyitadimi?..
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar tobora ko‘proq xorijlik sarmoyadorlar e’tiborini tortmoqda. O‘zA muxbiri ushbu soha istiqboli, mavjud muammolarning ilmiy yechimi yuzasidan Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Tolib Berdiyev bilan suhbatlashdi.
– Nima uchun xorijlik sarmoyadorlarning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi yerlariga qiziqishi tobora kuchaymoqda?
– Bu qiziqish tizimli iqtisodiy islohot, qulay tabiiy-iqlim sharoiti va yuqori eksport salohiyati bilan bog‘liq. Yer munosabati takomillashtirilishi va investitsiya muhiti yaxshilanishi soha jozibadorligini oshirdi. Ayniqsa, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega meva-sabzavot yetishtirish, mahsulotni qayta ishlash va tashqi bozorga chiqarish sarmoyador uchun keng imkoniyatdir. Shu bilan birga xorij sarmoyasi zamonaviy texnologiya, innovatsion sug‘orish va raqamli yechim olib kirib, unumdorlikni oshiradi. Olimlar fikricha, bu siyosat tuproqni muhofaza qilish va degradatsiyaga uchragan yerni qayta tiklash bilan uyg‘un olib borilishi lozim.
– Yer qonunchiligidagi o‘zgarish va qog‘ozbozlik kamaytirilishi sarmoyadorga qanday qulaylik yaratdi?
– Byurokratik to‘siq kamayishi loyihani amalga oshirish muddatini sezilarli darajada tezlashtirdi. Investorlar yer uchastkasi haqidagi ma’lumotni ochiq elektron platforma orqali olish, tanlovda shaffof ishtirok etish va yerdan foydalanish huquqini tez fursatda rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘lmoqda. Ya’ni, xavf kam. Binobarin, liberallashtirish bilan birga, tuproq unumdorligi va suvdan oqilona foydalanish ustidan davlat nazoratini saqlab qolish ham muhim.
– Yurtimiz qishloq xo‘jaligi yerlarining holati va unumdorlik darajasi qay ahvolda?
– Yerimiz yuqori ishlab chiqarish salohiyatiga ega, ammo iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va antropogen omillar tufayli unumdorlik pasayishi xavfi ham bor. Ilmiy tahlilga ko‘ra, sug‘oriladigan yerning qariyb 40-45 foizi turli darajada sho‘rlangan, 69 foiz maydonda esa gumus miqdori 1 foizdan past. Demak, agroximik monitoringni kuchaytirish, suv tejovchi texnologiya joriy etish va degradatsiyaga uchragan yerni qayta tiklash ustuvor vazifa.
– Suv tanqisligi sharoitida investorlar qanday zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etmoqda?
– O‘zbekiston suv resursining 90 foizga yaqini qishloq xo‘jaligiga ishlatiladi. An’anaviy egatlab sug‘orishda 35-40 foiz obi hayot isrof bo‘ladi. Shu bois sarmoyadorlar tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, fertigatsiya – o‘g‘itni suv bilan berish hamda avtomat tizimni keng joriy etmoqda. Bunday texnologiya suv sarfini kamaytirib, hosil barqarorligini ta’minlaydi. Mutaxassislar ushbu tizimni tuproqning xossasi va sho‘rlanish darajasini hisobga olgan holda loyihalashtirishni tavsiya etadi.
– Erkin iqtisodiy zona (EIZ)lar hududida investorlarga qanday soliq va boj imtiyozi berilmoqda?
– Investorlarni jalb qilish va eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida EIZ ishtirokchilariga foyda, mol-mulk, yer va suv solig‘i bo‘yicha tizimli yengillik taqdim etiladi. So‘nggi soliq islohotiga muvofiq, ayrim imtiyoz to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqdan ozod qilish emas, balki tezlashtirilgan amortizatsiya va boshqa zamonaviy rag‘batlantirish mexanizmi asosida berilmoqda.
– Kimyoviy vosita (pestitsid)lar tuproq unumdorligi, atrof-muhit va inson salomatligiga qanday ta’sir etadi?
– Dunyoda yiliga ishlatiladigan 4 million tonnadan ko‘p pestitsid 30-40 foiz hosilni zararkunandadan himoya qiladi. Afsuski, dorining atigi 1-5 foizi hasharotga ta’sir qilib, qolgan 95-99 foizi atrof-muhitga tarqaladi. Kimyoviy vosita tuproqdagi foydali mitti organizm va yomg‘ir chuvalchangi faolligini susaytiradi, gumus hosil bo‘lishi jarayonini izdan chiqaradi.
Natijada tuproq unumdorligi pasayib, zaharli moddalar yer osti suvi va oziq-ovqat zanjiriga o‘tishi xavfi tug‘iladi.
– Nima uchun so‘nggi yillarda zararkunanda hasharotlar ko‘paymoqda, yangi turlar qayerdan paydo bo‘lyapti?
– Dunyo bo‘ylab hosilning 40 foizgacha qismi zararkunanda ta’siri yoki kasallik tufayli nobud bo‘ladi. Bu jarayon iqlim o‘zgarishi va xalqaro savdo kengayishi bilan ham bog‘liq. Qish iliq kelishi va vegetatsiya davri uzayishi hasharotlarning qishlab chiqish darajasi va yillik avlodlar sonini ko‘paytiryapti. Yangi invaziv turlar esa transchegaraviy transport, urug‘lik va ko‘chat orqali kirib kelib, mahalliy iqlimga moslashmoqda. Olimlar kimyoviy dorilardan faqat oxirgi chora sifatida foydalanib, biologik kurash usullarini kengaytirish lozim, deb hisoblaydilar.
– Mamlakatimizda tez-tez kuzatilayotgan qurg‘oqchilikning asosiy sababi nima, muammoning ildizi qayerda?
– O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 24-28 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Global iqlim o‘zgarishi sababli suv kamayishi qurg‘oqchilikni keltirib chiqarmoqda. Ekspertlar fikricha, agar tezkor choralar ko‘rilmasa, 2050-yilga borib iqlim omili tufayli mamlakat iqtisodiyoti 10 foiz yo‘qotishga uchrashi mumkin. Muammoni hal qilish uchun tuproqning nam ushlash qobiliyatini yaxshilash, organik moddalarni ko‘paytirish va iqlimga moslashgan agrotexnologiyalarni qo‘llash zarur.
– Xorijlik investorlar faoliyati mahalliy aholi turmushi va mamlakat iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatadimi?
– Investorlar faoliyati natijasida qishloqlarda yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mehnat unumdorligi oshadi, zamonaviy logistika va eksport zanjiri rivojlanadi. Faqat haqiqiy samara sifatga bog‘liqligini unutmaslik kerak. Zero, muayyan loyiha yer va suv resursini muhofaza qilish, tuproq unumdorligini saqlash maqsadini ko‘zlasa, ilmiy asoslangan texnologiyaga tayansa ham iqtisodiy foyda keltiradi, ham ekologik barqarorlikni ta’minlab, aholi farovonligini oshiradi.
Fardona Yaxshiboyeva suhbatlashdi.