Xalqaro hamkorlik va global tajriba – aholi salomatligi xizmatida
Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish va sohaga ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Milliy tibbiyot markazi tomonidan dunyoning yetakchi klinikalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan o‘rnatilayotgan istiqbolli va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yaqinda Milliy tibbiyot markaziga Germaniya va AQSHning nufuzli tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi xalqaro mutaxassislar tashrif buyurdi.
Dyusseldorf universiteti professori, anesteziologiya va intensiv terapiya bo‘yicha taniqli mutaxassis, professor Timo Brandeburger hamda WKK Kaiserslautern klinikasining kardiojarrohlik va intensiv terapiya bo‘yicha yetakchi mutaxassisi, doktor Inna Kammererdan iborat delegatsiya markazning ish jarayoni va mavjud sharoitlari bilan atroflicha tanishdi.
Tashrif doirasida Milliy tibbiyot markazi shifokorlari xorijiy ekspertlar bilan muloqot olib borib, zamonaviy tibbiyotning eng dolzarb yo‘nalishlari, xususan, anesteziologiya, kardiojarrohlik va reanimatsiya sohalaridagi yangiliklar yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Uchrashuvda murakkab klinik holatlar, ilg‘or davolash usullari hamda istiqboldagi hamkorlik rejalari qizg‘in muhokama qilindi.
Xalqaro hamkorlik doirasidagi manzilli va amaliy muloqotlar nafaqat yuzma-yuz uchrashuvlar, balki zamonaviy raqamli texnologiyalar va telemeditsina imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda izchil davom ettirilmoqda.
Aynan shunday tadbirlardan biri sifatida Milliy tibbiyot markazi nevrologlari va neyrojarrohlari ishtirokida Germaniyaning nufuzli Essen universiteti Nevrologiya klinikasi direktori, professor Klaynshnits bilan onlayn-telekonferensiya tashkil etildi.
Milliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari tomonidan ochib berilgan ushbu nufuzli muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-amaliy tajriba almashish va sohaga innovatsion davolash standartlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Muhokamalarning markaziy mavzusi – Parkinson kasalligini erta tashxislash va uni zamonaviy usullar yordamida samarali davolash texnologiyalari bo‘ldi.
E’tiborlisi, telekonferensiyada Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov ham shaxsan ishtirok etib, professor Klaynshnitsni markaz faoliyati bilan yaqindan tanishish va qo‘shma loyihalarni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga taklif etdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, hamkorlikda ilmiy va klinik tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha bir ovozdan yakdil ekanliklarini bildirdi.
Milliy tibbiyot markazi tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tizimli va keng miqyosli xalqaro tadbirlar shunchaki tashrif va uchrashuvlar bo‘lib qolmay, mamlakatimiz tibbiyotiga, xususan, nevrologiya va neyroxirurgiya sohalariga eng zamonaviy, jahon tan olgan tajribalarni joriy etishda muhim debocha bo‘lib xizmat qilayotir.
Xalqaro tibbiyot hamjamiyati bilan yo‘lga qo‘yilgan bu kabi mustahkam hamkorlik zamirida yagona va ezgu maqsad – yurtimiz aholisiga dunyo standartlari darajasida yuqori texnologiyali, aniq va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish mujassamdir.
Mohigul Qosimova, O‘zA