O‘zbek hujjatli filmi Al-Azhar orqali xalqaro auditoriyaga taqdim etilmoqda
Bundan biroz oldin Misr Arab Respublikasi Al-Azhar universiteti huzuridagi turli tillarda geoma’naviy tahdidlardan ogoh etuvchi media mahsulotlar tayyorlaydigan observatoriyaning rasmiy va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi qoshidagi “Ziyo” media markazi tomonidan tayyorlangan “Hidoyat libosidagi jaholat” nomli hujjatli film o‘zbek va ingliz tillarida joylashtirilgani haqida xabar bergan edik.

E’tiborlisi, “Ziyo” media markazining mazkur hamkorligi davomli tus olmoqda. Gap shundaki, o‘tgan hafta mazkur filmning ikkinchi qismi ham Al-Azhar observatoriyasi platformalariga joylashtirildi.
Film ilm va ma’rifatning ahamiyatini, jaholat va radikallashuvning jamiyatni qanday halokatga olib borishini aniq misollar va ushbu mavzuga ixtisoslashgan teran fikrli ekspertlar ishtirokida ko‘rsatib beradi.

Filmda “Al-Azhar” observatoriyasi direktori, islomshunos olima Reyhan Abdulla Salama, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Habibulla Sadibaqosov, Aleksandriya kutubxonasi direktori, professor Ahmad Abdulla Zayed, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori Husniddin Ahmedov ishtirok etgan.

Film muallifi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, publitsist, “Ziyo” media markazi direktori Abdulhamid Muxtorov. Filmga O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a’zosi, bir qator filmlarni sahnalashtirgan Mikoyil Sulaymonov rejissyorlik qilgan. Mavzu yuzasidan maslahatchi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori O‘tkirbek Hasanboyev. Film jug‘rofiyasi O‘zbekiston, Misr, Turkiya davlatlaridagi ilmiy-tadqiqot markazlari va ularning ekspertlarini qamrab olgan.
O‘zA