The Economic Times: Hindiston va O‘zbekiston muhim minerallar bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtiradi
Hindistonning “The Economic Times” nashri Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida tog‘-kon sohasidagi hamkorlikni kengaytirish mavzusiga oid maqola e’lon qildi.
Materialda ikki davlat geologiya resursi va uran sohasida sheriklikni chuqurlashtirishga kelishib olgani qayd etilgan. Shuningdek, tomonlar muhim minerallarni izlash va o‘zlashtirish bo‘yicha umumiy imkoniyatni ham muhokama qilgan.
Nashr O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida tog‘-kon va geologiya resurslari bo‘yicha anglashuv memorandumi sharti kelishilganiga e’tibor qaratgan. Endi tomonlar ushbu hujjatni tez fursatda qabul qilish, rejani aniq loyihaga aylantirish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi G‘arb ishlari bo‘yicha kotibi Sibi Jorj matbuot anjumanida bildirgan ma’lumotga ko‘ra, bitimni imzolash va hayotga tatbiq etish uchun delegatsiyalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Muallif umumiy sa’y-harakatni maxsus komissiya mexanizmi orqali rivojlantirish g‘oyasi ilgari surilayotganiga ham urg‘u bergan.
“The Economic Times” uran yo‘nalishidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratgan. Ushbu soha ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning yangi yo‘nalishi sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida sheriklik ko‘lami kengayishi ham qayd etilgan. Xususan, urug‘chilik, tomchilatib sug‘orish, bog‘dorchilik hamda sho‘rlangan sharoitda ekin yetishtirish bo‘yicha qo‘shma ishlar rivojlantiriladi.
Qishloq xo‘jaligi tadqiqoti bo‘yicha Hindiston kengashi va mamlakatimiz Milliy qishloq xo‘jaligi bilimi va innovatsiya markazi ayni yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatmoqda.
D.Hakimov, O‘zA