Turkiya ta’lim tizimida yangi tajriba qo‘llanmoqda
Inson bajaradigan ko‘plab vazifalar sun’iy intellekt zimmasiga yuklanayotgan, ayni jarayonda turli yangi kasblar paydo bo‘layotgan, faqat axborotga ega bo‘lish emas, balki ma’lumotni saralash va to‘g‘ri qo‘llash qobiliyati tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bir sharoitda ta’lim sohasida ham mukammal o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.
Bugun o‘quvchiga ilm berishning o‘zi yetarli emas. Zamonaviy yosh avlod ma’lumotni tahlil qilishi, savol berishi, muammoga yechim izlashi, jamoa bilan ishlashi, fikrini himoya qilishi va o‘zgarib borayotgan muhitda yangi bilimni mustaqil egallay olishi lozim. Ayni jarayonda Turkiya xususiy ta’lim tajribasini aks ettiradigan modellardan biri – KEY maktabi o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Mazkur tizim maxsus loyiha asosida, ta’lim kouchingi, o‘quvchini individual yo‘naltirish, ingliz va ispan tili, robot texnikasi va kodlash, Maker, VR/AR, aqliy o‘yin, ijtimoiy klub, san’at kabi amaliy yo‘nalishlarni uyg‘unlashtiradi. Bunday muassasada maktabgacha ta’limdan litseygacha bo‘lgan bosqichda tabiiy fanlar, vizual san’at, musiqa, Orff/raqs va drama uchun maxsus muhit ham yaratilgan.

O‘zA muxbiri KEY maktabi muassisi, matematika fani o‘qituvchisi Ibrohim Dizman bilan suhbatlashdi. 1998-2005-yillari Turkiya Milliy ta’lim vazirligi tizimida ishlagan ushbu mutaxassis 2005-yildan beri xususiy yo‘nalishda faoliyat yuritadi.
– Qariyb 30 yildan beri ta’lim sohasidasiz. Shu davrda maktab, o‘qituvchi va o‘quvchiga munosabat qanday o‘zgardi? KEY maktabini tashkil etish uchun ehtiyoj bormidi?
– Menimcha, tizimda yuz bergan asosiy o‘zgarish texnologiya emas, o‘quvchiga e’tibor bilan bog‘liq. Ilgari maktabning asosiy vazifasi bilim berish va o‘zlashtiruvni imtihon yordamida tekshirish edi. Bugun bunday yondashuv yetarli, deb bo‘lmaydi. Axir, bola ma’lumotni istagan payt turli manbadan olishi mumkin. Demak, endi maktabning vazifasi ma’lumotni bilimga, bilimni tajribaga aylantirish, tajribani hayotga tatbiq etishni o‘rgatishdan iborat.

Faoliyatim davomida har bir o‘g‘il-qiz turlicha rivojlanishiga amin bo‘ldim. Bir o‘quvchi matematikada iqtidorli bo‘lishi mumkin, boshqasi san’atda, yana biri texnika yo‘nalishida yoki muloqotda o‘zini faol namoyon etadi. Agar hamma boladan bir xil natija kutsak, yoki yagona yo‘ldan borishni talab qilsak, ularning tabiiy salohiyatini cheklab qo‘yamiz. KEY g‘oyasi ayni shu kuzatuvdan shakllangan. Biz maktabni faqat imtihonga tayyorgarlik markazi sifatida emas, o‘quvchi qobiliyati ochiladigan muhit o‘laroq tasavvur qildik. Ya’ni, ta’lim samarasi o‘quvchi qancha ma’lumot yod olgani emas, olgan bilimi asosida nechog‘li fikrlay olishi, hayotda qanday qaror qabul qilishi bilan ham belgilanishi kerak.

– Demak, ta’lim natijasini baholash va imtihon olish jarayonidan kengroq tushunish zarur, shundaymi? Amaliyotda o‘quvchining individual salohiyatini qanday aniqlash mumkin?
– Buning uchun bolani shunchaki o‘quvchi emas, alohida shaxs sifatida ko‘rish lozim. Biz bola nimani yaxshi ko‘rishi, qayerda qiynalishi, qancha savol berishi, qaysi yo‘nalishda tashabbus ko‘rsatishi va jamoada o‘zini qanday tutishini kuzatamiz. Zero, yoshlarning qobiliyati har doim test natijasida ko‘rinavermaydi. Shu bois ta’lim kouchingi va o‘quvchini yo‘naltirishga alohida e’tibor beramiz. Loyiha asosidagi ta’lim ham ayni jarayonning bir qismi: bola ma’lumotni izlab topadi, tahlil qiladi, boshqalar bilan muhokama qiladi, zarur qaror chiqaradi va oxirida natija yaratadi. Ayni jarayonda uning akademik bilimi va tashabbusi, mas’uliyati, muloqot qobiliyati ham namoyon bo‘ladi.

Ustozlarimiz shogirdlarida halollik, hurmat, mas’uliyat, mehnatsevarlik, ilmiy tafakkur va keng dunyoqarashni shakllantirishga intiladi. Binobarin, tizim qay darajada zamonaviy bo‘lmasin, diqqat markazida inson turmasa, texnologiya kutilgan natijani bermaydi.
– Maktabda turli yo‘nalishlar bo‘yicha qulay sharoit yaratilgan. Bu xonalarni ta’lim falsafasining bir bo‘lagi sifatida qabul qilsa bo‘ladimi?
– Sinflarimiz shunchaki qo‘shimcha jihozlangan joy emas. Ustaxonalar o‘quvchi “bilaman”dan “bajara olaman”ga o‘tishi uchun kerak. Masalan, robot texnikasida bola tayyor temir odamni ko‘rish bilan cheklanmaydi. Uning qanday ishlashini tushunish, dasturlash, xatosini aniqlash va tuzatishga urinadi. Jarayon mantiqiy fikrlash bilan birga sabr va jamoaviy ishlash ko‘nikmasini ham taqozo etadi.

Maker yondashuvida esa o‘quvchi g‘oyani moddiy natijaga aylantirish imkoniga ega. Ya’ni, g‘oyani o‘ylab topadi, loyihaga aylantiradi va amaliyotda sinab ko‘radi. Ba’zan natija kutilganidek chiqmasligi mumkin. Bu ham ta’limning bir qismi, chunki xato orqali nimani o‘zgartirish lozimligi ayonlashadi.
Tabiiy fanlar, musiqa, drama va vizual san’at ham xuddi shunday ahamiyatga ega. Biz bolaning nafaqat intellektual, balki ijodiy, ijtimoiy qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bugun mehnat bozorida biror kasbni egallash yetarli emas. Inson yangi vaziyatga moslashishi, boshqalar bilan hamkorlik qilishi, yangi yechim uchun taklif bera olishi shart. Bunday ko‘nikma maktab davridanoq shakllana boshlashi muhim.

– Maktablar oldida murakkab bir masala turibdi: sun’iy intellekt. Bu o‘quvchi uchun jiddiy yo‘qotish emasmi?
– Ma’lumki, sun’iy intellekt ta’lim sohasida ham keng imkoniyat eshigini ochdi. Avvallari o‘quvchi ma’lumot izlashga muayyan vaqt sarflar edi. Bugun SI orqali har qanday savolga bir necha soniya ichida javob topyapti. Tabiiyki, bunday axborotni ko‘r-ko‘rona qabul qilish noto‘g‘ri. Manbani tekshirish, boshqa ma’lumot bilan taqqoslash, xulosa chiqarish, zarurat bo‘lsa, e’tiroz bildirish kerak. Aynan shu jarayonda o‘qituvchining vazifasi murakkablashadi. Ustoz endi faqat ma’lumot beruvchi emas, shogirdining fikrlash jarayonini boshqaruvchi, unga yo‘nalish beruvchi shaxsga aylanadi. O‘qituvchini texnologiyaga almashtirmaylik. Kelajak avlodni biz shunchaki iste’molchi emas, texnologiyaning imkoniyatini tushunadigan, hatto yangi texnologiya yarata oladigan inson sifatida ko‘rishni istaymiz.

– Dunyoviy raqobat kuchaygan bir davrda xorijiy til, xalqaro loyihalar va milliy o‘zlik o‘rtasidagi muvozanatni qanday ushlash mumkin?
– Men bu uch tushunchani bir-biriga qarshi qo‘ymagan bo‘lardim. Xorijiy tilni o‘zlashtirish – dunyo bilan muloqotga kirishish imkoniyati. Buning uchun avvalo o‘zingiz kimligingizni bilishingiz shart. KEY tizimida ingliz va ispan tillari o‘qitiladi. Biz tilni darslikdagi grammatik mavzu emas, muloqot vositasi sifatida ko‘ramiz. Xalqaro loyihalar esa jarayonni yanada boyitadi. Maktabimiz “eTwinning” doirasidagi “Bizning Yunus” loyihasida ishtirok etayotgani bunga yaqqol misol. O‘quvchilar Yunus Emre hayoti va ijodini o‘rganib, she’rlar antologiyasini tayyorlashdi. Qizig‘i shundaki, bola bu jarayonda ham milliy madaniyatni, ham xalqaro muhitda muloqot qilish tajribasini o‘rganadi.

– Oldinda yana qanday maqsadlar bor?
– Kelajakda qaysi mutaxassisliklar talabgir bo‘lishi haqida turli taxminlar bor. To‘g‘ri, kasb ko‘p, ammo insonga xos ba’zi sifatlar hech qachon o‘zgarmaydi: qiziqish, mas’uliyat, halollik, muloqot, tanqidiy fikrlash va o‘zgara olish qobiliyati. Demak, yoshlarga birgina kasb emas, yangi mutaxassisliklarni o‘zlashtirish qobiliyatini singdirish zarur. Xullas, maqsadimiz – ta’lim sifatini saqlagan holda, sohaga innovatsion qarashni rivojlantirish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish va o‘quvchiga individual yondashuvni yanada kuchaytirish.
Biz uchun o‘sish faqat muassasa soni bilan o‘lchanmaydi. Maktab ko‘paysa-yu, ta’lim sifati oshmasa, muammo ko‘payadi. Yoshlarga doim bir gapni aytaman: Qiziqishni yo‘qotmang, savol berishdan qo‘rqmang, harakat qilishdan to‘xtamang!

Ota-onalarga esa farzandining bugungi bahosidan tashqari, o‘n yildan keyingi taqdiri xususida ham o‘ylashni tavsiya qilaman. Axir, ta’lim maskanidan olinadigan asosiy natijasi diplom emas, o‘quvchi o‘z hayotini mustaqil qurishga tayyor bo‘lib chiqishi-ku!
Ha, KEY tajribasiga nazar tashlasak, zamonaviy maktab tushunchasi faqat yangi texnologiya yoki jihozlangan sinf bilan belgilanmasligini ko‘ramiz.
Maktabda turli yo‘nalishlar bo‘yicha mashg‘ulotlar bir-biridan ayro emas, balki o‘zaro uyg‘un tashkil qilinadi. Shu tariqa o‘g‘il-qizlarning qobiliyati, intilishi bir nuqtaga jamlanadi. Boshqacha aytganda, ta’lim o‘quvchini izlanishga, texnologiya amaliy yechim yaratishga, xalqaro loyihalar muloqotga, san’at esa ijodiy fikrlashga undaydi. Ta’lim kouchingi jarayon markaziga o‘quvchining o‘zi, qobiliyati va kelgusi maqsadini qo‘yadi.

Ayni jihatlar O‘zbekistonda ham xususiy ta’lim rivojlanib borayotgan sharoitda alohida e’tiborga loyiq. Turkiya yoki boshqa biror davlat tajribasidan nusxa ko‘chirish emas, tizim ortidagi tamoyilni o‘rganish, tahlil qilish muhim. Ya’ni, maktabni faqat dars o‘tiladigan joy emas, bola o‘z qobiliyatini sinab ko‘radigan, xato qiladigan, izlanadigan va mustaqil qaror chiqarishni o‘rganadigan muhitga aylantirish masalasi dolzarb. Zero, kelajak ta’limiga eng yirik sarmoya kompyuter yoki robot emas, balki o‘zgaruvchan dunyoda fikrlay oladigan, o‘rganishdan to‘xtamaydigan, bilimini jamiyat manfaatiga yo‘naltira oladigan insonni tarbiyalash. Shundagina maktabning vazifasi diplom berish bilangina cheklanmaydi. Ta’lim esa insonga butun hayoti davomida fikrlash tarzi, tanlovi, kelajakni yaratish qobiliyati sifatida yo‘ldosh bo‘ladi.
Nodira Qayumova, O‘zA
Turkiya