Termizda allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlarga bag‘ishlangan xalqaro anjuman ish boshladi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida “Termiz hadis maktabi: allomalar merosi va zamonaviy tadqiqotlar” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur anjuman Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash, islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslarning amaliy ifodasi sifatida “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” doirasida tashkil etildi.
Anjumanda Iordaniya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Jazoir, Italiya, Misr, Turkiya hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan tashrif buyurgan 25 nafarga yaqin taniqli olimlar, musulmon mamlakatlari muftiylari, davlat va jamoat arboblari ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning yalpi majlisi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lib o‘tdi. Unda qadimgi Termizda shakllangan hadisshunoslik maktabining ilmiy an’analari, Imom Termiziy va vohadan yetishib chiqqan boshqa allomalarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, ularning boy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-30335]
Mutaxassislar hadisshunoslik sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar, qo‘lyozma manbalarni ilmiy o‘rganish, raqamlashtirish, ilmiy muomalaga kiritish, shuningdek, islomning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etishga oid ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilar Hakim Termiziy majmuasini ziyorat qilib, majmua hududida daraxt ekish aksiyasida ham qatnashdi. Unda Misr Arab Respublikasi Vaqf ishlari vaziri Usoma Sayyid Mahmud Muhammad Azhariy, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh muftiysi Ibrohim Hasanot, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Irgash Daminov hamda boshqa nufuzli mehmonlar manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, atrof-muhitni asrash va yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Kunning ikkinchi yarmida konferensiya ishi ikki sho‘’ba yig‘ilishida davom etdi. Birinchi yo‘nalishda Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyati, Termiz hadisshunoslik maktabining shakllanishi hamda hadis ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi. Ikkinchi sho‘’bada esa termizlik allomalarning qo‘lyozma va bosma asarlari, ularning manbashunoslik xususiyatlari, tadqiqot uslublari va bu merosni zamonaviy ilm-fanga tatbiq etish masalalari yuzasidan ilmiy ma’ruzalar tinglandi.
Xalqaro konferensiya islom ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, Termiz allomalarining boy ma’naviy merosini jahon hamjamiyatiga keng tanitish va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA