Terma jamoalarning tayyorgarlik jarayoni o‘rganildi
"Aichi-Nagoya-2026" o‘yinlariga tayyorgarlik yakuniy bosqichda. O‘zbekiston sport delegatsiyalarining so‘nggi yig‘inlarida vazir o‘rinbosari tayyorgarlik jarayoni va sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. G‘alaba uchun hal qiluvchi tafsilotlar muhokamada bo‘ldi.
Mamlakatimiz sporti so‘nggi yillarda tom ma’noda jahon kashfiyotiga aylandi. Erishilayotgan yuksak natijalar esa olib borilayotgan islohotlar samarasi ekanini ta’kidlash lozim.
Ayni kunlarda O‘zbekiston sport delegatsiyalari “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo va Para Osiyo o‘yinlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Milliy sportimiz kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari hamda para yengil atletikachilar Toshkent viloyatidagi “Yangibod” va “Dukent” sport bazalarida so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda.
Sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov mazkur sport bazalarida bo‘lib, terma jamoalarning tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida sportchilar va murabbiylar bilan suhbat o‘tkazilib, mashg‘ulotlarning borishi, sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi, shuningdek, dori-darmon hamda zarur farmakologik vositalar bilan ta’minlanganlik holati muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda har bir sportchi va murabbiyning fikr-mulohazalari hamda takliflari tinglandi. Shuningdek, sportchilarning ijtimoiy va oilaviy sharoiti, “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo va Para Osiyo o‘yinlaridagi ehtimoliy raqiblari, musobaqalarga tayyorgarlik borasidagi rejalari xususida fikr almashildi.
Muloqot davomida sportchilarga yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilash, mashg‘ulot jarayonlarini samarali tashkil etish va musobaqalarga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Aichi-Nagoya-2026” Osiyo va Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilish, yuksak natijalar qayd etish maqsadida terma jamoalarning tayyorgarlik mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Sherbek Islomov, O‘zA