Og‘ir atletika: O‘zbekiston kubogida rekordlar yangilandi
Poytaxtimizdagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tgan yoshlar va kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi bahslari tarixga aylandi.
Kecha mamlakat kubogi musobaqalarining so‘nggi kunida tajribali sportchimiz Rigina Adashboyeva o‘zining yuksak sport mahoratini yana bir bor namoyon etdi.
-86 kg. vazn toifasida bahs olib borgan Rigina siltab ko‘tarish dasturida 134 kg., ikki kurash yakuniga ko‘ra, 242 kg. natija qayd etib, har ikki yo‘nalishda kattalar o‘rtasida O‘zbekiston rekordini yangiladi.

Shuningdek, terma jamoamiz a’zosi Sharofiddin Amriddinov +110 kg. vazn toifasida navbatdagi muhim g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Samarqand viloyati sharafini himoya qilgan Sh.Amriddinov dast ko‘tarishda 192 kg., siltab ko‘tarishda 232 kg., ikki kurash yakuniga ko‘ra, 424 kg. toshni bo‘ysundirib, kattalar o‘rtasida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Aytish lozimki, Sharofiddin Amriddinovning mazkur natijasi bilan so‘nggi olti oy davomidagi natijadorligini yuksaltirdi.
Ortda qolgan musobaqalardagi ko‘rsatkichlar tahlil qilinsa, masalan, joriy yilgi O‘zbekiston chempionatida Amriddinov dast ko‘tarishda 181 kg., siltab ko‘tarishda 215 kg. va ikki kurashda 396 kg. natija qayd etgandi. O‘zbekiston kubogida bu natijalar mos ravishda 11, 17 va 28 kilogrammga yaxshilandi. Ayniqsa, ikki kurashdagi 28 kilogrammlik o‘sish sportchimizning mashg‘ulot jarayonidagi izchil mehnati va xalqaro maydondagi yuqori natijalarga intilayotganidan dalolat, deyish mumkin.

Bu, ushbu vazn toifasida jahon chempionatlarida, Olimpiya o‘yinlarida yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan Ruslan Nuruddinov va Akbar Jo‘rayevga munosib raqobatchi yetishib kelayotganini anglatmoqda.
O‘zbekiston kubogi yakunlariga ko‘ra, kattalar o‘rtasida Xorazm, Toshkent va Surxondaryo viloyati jamoalari yuqori o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, yoshlar orasida Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm og‘ir atletikachilari g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA