Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu ruknda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixona va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Belarus: 29-30-sentabr kunlari Xiva shahrida O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tadi. Mazkur anjumanga tayyorgarlik masalasi Belarus Respublikasi Milliy majlisi kengashi Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik doimiy komissiyasi raisi Sergey Aleynik bilan uchrashuvda muhokama qilindi. Tadbir mamlakatimizning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nuriddin Mamajonov bilan muloqot tarzida kechdi.

Buyuk Britaniya: O‘zbekistonning Qirollikdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari Devid Rid bilan uchrashdi. Muloqot davomida ikki tomonlama savdo va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash masalasi muhokama qilindi.

Fransiya: O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasida Fransiya va Yevropaning texnologik kompaniyalari, investorlar hamda turli institutlar va mamlakatimiz raqamli texnologiyalar vaziri boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida muhandislik sohasidagi yuqori malakali kadrlar salohiyati, maqbul xarajat, shuningdek yurtimizda xalqaro kompaniyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni tanlash va biznesni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi “IT Park Uzbekistan” ekotizimi doirasida yaratilgan sharoitlar haqida mezbonlarga batafsil ma’lumot berildi.

Malayziya: O‘zbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Karomiddin Gadoyev qardosh Ozarbayjonning ushbu davlatda yangi tayinlangan elchisi Xazar Farhodov bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Polsha: Varshavadagi elchixonamiz tashabbusi bilan poytaxt universiteti Siyosiy fanlar va xalqaro tadqiqotlar fakulteti, “Amicus Europae” hamda “Perspektywy” ta’lim jamg‘armalari hamkorligida “Yangi O‘zbekiston islohotlari” va “O‘zbekiston-2030 strategiyasi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda sobiq Prezident Aleksandr Kvasnevskiy, Polsha Senati marshali o‘rinbosari Mixal Kaminskiy, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va boshqalar ishtirok etdi.

Vengriya: O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasida vatandoshlarimiz ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA