Tramp nutq so‘zlayotganda Eron delegatsiyasi zalni tark etdi (+video)
AQSH va Eron delegatsiyalari vositachilar orqali qariyb uch soat muzokara olib bordi va yakun samarali bo‘ldi, dedi Donald Tramp. Bundan avval u Eronni yo‘q qilish bilan tahdid qilgan edi, deyilgan DW tarqatgan xabarda.
AQSH va Eron rasmiylari 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasi doirasida uchrashdi. Bu bir necha oy ichidagi ilk muloqot, dedi Prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, qariyb uch soat davom etgan uchrashuv samarali kechgan.
Muzokarada AQSH tomonidan maxsus vakillar Stiv Uitkoff va Jared Kushner, Eron tomonidan esa tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy ishtirok etdi. Tadbirga Qatar va Pokiston vositachilik qilgan.
Tramp Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida Tehron bilan kelishuvga erishish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘lganini aytdi. Davlat OAV ma’lum qilishicha, Eron muzokara davomida Vashingtonga nisbatan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini qayta tiklash shartini ilgari surgan. Ya’ni, AQSH tomonidan joriy etilgan dengiz qamalini zudlik bilan bekor qilish, mamlakatning sanksiya tufayli muzlatilgan mablag‘ini to‘liq yechish va har qanday harbiy harakatni to‘xtatish.
Muzokaradan oldin Amerika yetakchisi BMT minbaridan, davlat va hukumat rahbarlari qarshisidagi nutqida Islom Respublikasini “yo‘q qilish” bilan tahdid qilgan:
– Hozir Eronga tiklanish va qudratli davlatga aylanish imkonini berish yoki ushbu davlatni yo‘q qilish tanlovi oldida turibmiz. Endi bu mamlakat odamlarni o‘ldirish, boshqa davlatlarni vayron qilish imkoniga ega bo‘lmaydi.
Xabarlarga ko‘ra, AQSH rahbari nutq so‘zlayotganda Tehron delegatsiyasi zalni tark etgan.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (+video), O‘zA