Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston davlat chegarasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Bugun Issiqko‘l viloyatida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston chegara idoralari vakillari mintaqaviy uchrashuvi boshlandi.
Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Bishkekdagi Dasturiy ofisi ko‘magida tashkil qilingan mazkur tadbir uch davlat yondosh idoralari amaliy sherikligini rivojlantirish, chegara xavfsizligi sohasida tajriba almashish va hamkorlik mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan. Mezbon delegatsiyaga Davlat chegara xizmati raisi Abdikarim Alimboyev boshchilik qilmoqda. Qozog‘iston tomonidan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – Chegara xizmati direktori Yerlan Aldajumanov, Tojikistondan Qo‘mondonning birinchi o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari Bosh shtabi boshlig‘i Nazrullo Husaynzoda ishtirok etmoqda.
Uchrashuvning o‘ziga xos jihati shundaki, anjumanda davlat chegarasi uchastkalarini qo‘riqlash uchun bevosita mas’ul hududiy chegara organlari va bo‘linmalari rahbarlari ham to‘plangan.
Qayd etilishicha, bunday format qo‘shni hududlardagi hamkasblarga muammoli masalalarni yuzma-yuz muhokama qilish, tezkor axborot almashish va zarur amaliy yechimlarni birgalikda ishlab chiqish imkonini beradi.
Uchrashuvni ochar ekan, Alimboyev hamkorlik samaradorligi ko‘p jihatdan tomonlarning bevosita joylarda nechog‘li tez harakat qila olishiga bog‘liqligini ta’kidladi.
– Bugun oldimizda umumiy vazifa turibdi – davlat chegarasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, – dedi u. – Ishonchim komilki, ochiq tajriba almashish, amaliy hamkorlik va birga ish olib borish muayyan masalalarni yanada samarali hal qilish, mamlakatlarimiz va chegara idoralari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga yordam beradi.
Shuningdek, mulozim Qirg‘iziston vaqtida axborot almashish, qo‘shma tadbir va mashg‘ulotlar o‘tkazish, muvofiqlashtirish va birga harakatlanish mexanizmini takomillashtirishga tayyorligini ta’kidladi. Hamkorlik asosini ishonch, o‘zaro anglashuv, davlatlar suverenitetini hurmat qilish va erishilgan kelishuvlarni bajarish tashkil etishi lozim.
Uchrashuvda joriy yil sakkiz oyidagi xizmat-jangovar faoliyat yakuni va 2027-yil uchun reja ham muhokama qilindi. Tomonlar davlat chegarasidagi mavjud vaziyat, mas’ul idoralar faoliyati natijasi to‘g‘risida ma’lumot almashinuvi va hamkorlikning kelgusi yo‘nalishlari mavzularini ham tahlil qildilar.
Chegara bo‘linmalarining muayyan uchastkalardagi o‘zaro hamkorligi masalasi hamda favqulodda hodisalarning oldini olish va salbiy holatlar avj olishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Harbiy xizmatchilarning davlat chegarasidagi harakatiga yondashuv mavzusi ham diqqat markazida bo‘ldi.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA