Tanlov eng bilimdon va tajribali o‘qituvchilarni kashf etadi
Yurtimizda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi nufuzini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda ta’lim sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, zamonaviy maktablar barpo etilmoqda, o‘qituvchilarning mehnati munosib qadrlanib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qaror va dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Zero, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti bilimli avlod, fidoyi ustoz va yuksak salohiyatli pedagoglar qo‘lida ekani har bir islohotda o‘z ifodasini topmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, ijodkor, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan o‘qituvchilarni kashf etish hamda ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishga xizmat qilayotgan nufuzli tanlovlardan biri — “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovidir.
Buxoro viloyatida mazkur tanlovning uchinchi bosqichiga tantanali ravishda start berildi. Ochilish marosimida ishtirokchilarga tanlov sinovlarini o‘tkazish tartibi, baholash mezonlari hamda ishtirokchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng ochiqlik, oshkoralik va adolat tamoyillari asosida qur’a tashlash jarayoni o‘tkazilib, har bir pedagogning tanlov sinovlarida ishtirok etish ketma-ketligi aniqlandi. Bu esa tanlovning xolis va shaffof o‘tishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning 28–30-iyul kunlari davom etadigan ushbu bosqichda respublikaning 208 ta tuman va shahridan 416 nafar saralangan pedagog o‘zining kasbiy mahorati, chuqur bilimi, innovatsion yondashuvlari va ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarini namoyish etadi.
Buxoro viloyati sharafini esa 26 nafar tajribali va iqtidorli pedagog himoya qilmoqda. Ularning har bir darsni ijodkorlik bilan tashkil etish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni amaliyotga samarali tatbiq etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, yuksak ma’naviyat va ilm-fanga intilish ruhida tarbiyalash borasidagi mahoratini namoyon etadi.
Tanlov nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan ilg‘or o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish, innovatsion g‘oyalarni ommalashtirish va ta’lim sifatini yanada yuksaltirish uchun muhim maydon vazifasini ham o‘taydi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, viloyatdan 13 nafar, respublika bo‘yicha esa 208 nafar pedagog g‘olib deb e’tirof etiladi. Vazirlar Mahkamasining 264-son qaroriga muvofiq, har bir g‘olib bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari — 576 million 800 ming so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Bu esa davlatimiz tomonidan muallim mehnatiga berilayotgan yuksak baho va e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir.
Bugun Yangi O‘zbekistonda o‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki millat ma’naviyatini yuksaltiruvchi, Vatan kelajagini barpo etuvchi eng ulug‘ kasb egasi sifatida qadrlanmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mamlakat taraqqiyotini ilm-fan va ta’limsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, ustozlarni rag‘batlantirish, ularning mehnatini munosib baholash va kasbiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan bunday tanlovlar ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

“Yil o‘qituvchisi” tanlovi — bu shunchaki bellashuv emas. Bu muallim sharafi, bilim va zakovat, fidoyilik va yuksak mas’uliyatning haqiqiy sinovidir. Bu maydonda g‘olib bo‘lgan har bir pedagog nafaqat yuksak mukofotga, balki butun xalqning yuksak hurmati va e’tirofiga ham sazovor bo‘ladi. Chunki millat kelajagini qurish yo‘lidagi eng buyuk qadam — avvalo, ustozni ulug‘lashdan boshlanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri