Ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash – dolzarb masala
Jizzax viloyatida ta’lim muassasalarining qishga tayyorgarligi, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va GRACE dasturi vazifalari yuzasidan mas’ullar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
Jizzax viloyat ta’lim boshqarmasi boshlig‘i tizimdagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda qish mavsumiga tayyorgarlik, o‘quvchilar xavfsizligi va belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratdi.


Kuz-qish mavsumida ta’lim muassasalarini barqaror isitish tizimini ta’minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois yig‘ilishda isitish uskunalarining texnik holati, yoqilg‘i zaxiralari tahlil qilindi. Ўқувчилар uchun munosib sharoit yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi. Bu borada profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va huquqiy savodxonligini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Ta’lim muassasalari, ota-onalar va tegishli tashkilotlar hamkorligini mustahkamlashga ham e’tibor qaratildi.


Mazkur yo‘nalishdagi ishlar O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 29-sentabrdagi "Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonunida belgilangan vazifalar bilan hamohangdir. Unda ta’lim muassasalari zimmasiga voyaga yetmaganlarning huquqiy tarbiyasi, ta’lim olishi va mazmunli bandligini ta’minlashga qaratilgan vazifalar yuklangan.

Yig‘ilishda yoshlarda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan xalqaro GRACE dasturi doirasidagi vazifalar ijrosi ham ko‘rib chiqildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri