Yangi Toshkent: imkoniyatdan natijaga – investorlar ishonchi qanday mustahkamlanmoqda?
Aleksandr Bakanov O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlashdan avval bu yerda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga biroz shubha bilan qaragan edi. Biroq ilk loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirgach, uning fikri butunlay o‘zgardi. Bugungi kunga kelib, tadbirkorning Yangi Toshkent hududidagi to‘rtta yirik loyihasi ishga tushirilgan.
– To‘g‘risini aytsam, dastlab o‘zim ham bunday keng imkoniyatlarga shubha bilan qaragandim, – deydi rossiyalik investor Aleksandr Bakanov. – Rossiyada ham sezilarli ish tajribasiga egaman, biroq u yerda bu kabi qulay sharoitlarni ko‘rmaganman. Ilk loyihamizni amalga oshirib, berilgan imtiyozlarni amalda his qilgach, bunga to‘liq ishonch hosil qildik. Eng muhimi, belgilangan shartlarni aniq bajarishdir. Biz ushbu talablarni bajardik va barcha imkoniyatlardan hech qanday to‘siqlarsiz foydalandik.
Ma’lumki, investor uchun faqat imtiyozlarning o‘zi yetarli emas. Loyihaning muvaffaqiyati yer ajratish, ruxsatnomalar olish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va qurilishni boshlash jarayonlarining naqadar tez va shaffof ekanligiga bog‘liq. Aks holda, yirik mablag‘ ham, istiqbolli g‘oyalar ham kutish zallarida qolib ketaveradi.
12-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida Yangi Toshkentdagi asosiy masala ham aynan shu nuqtadan qo‘yildi. Uch yil avval boshlangan loyihaga 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Biroq tadbirkorlarga hozirgacha 94 gektar yer ajratilgan. 28 ta lotda esa faol qurilish hali boshlanmagan.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu sustkashlikni faqat investorlarda mablag‘ yoki qiziqish yo‘qligi bilan izohlab bo‘lmaydi. Loyihalar sur’atiga eskirgan talablar, oylab cho‘ziladigan ruxsat berish jarayonlari hamda ayrim idoralarning hamkor emas, balki nazoratchi sifatida ish tutishi jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Vaziyatni tubdan o‘zgartirish maqsadida, yer ajratish bosqichidan boshlab ob’ektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha tartib-taomillarni qayta ko‘rib chiqish va soddalashtirish bo‘yicha qat’iy vazifalar belgilandi.
Eng avvalo, investorlarning xarajatlarini tizimli ravishda kamaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Yangi tartibga ko‘ra, savdo, xizmat ko‘rsatish va biznes markazlari uchun infratuzilma to‘lovlari uch barobarga, mehmonxona va turizm ob’ektlari uchun besh barobarga, madaniyat va ko‘ngilochar maskanlar uchun esa o‘n barobarga pasaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalari uchun bu to‘lov ramziy ma’noda atigi 1 foiz etib belgilanmoqda. Eng muhimi, mazkur imtiyoz va yengilliklar qurilishi allaqachon boshlanib ketgan loyihalarga ham tatbiq etiladi.
Biroq sarmoyadorlarni jalb etish faqat moliyaviy to‘lovlarni kamaytirish bilan cheklanib qolmaydi. Investor qurilish ishlarini qachon boshlashi, qaysi hujjatni qaysi idoradan olishi va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga qanday ulanishini oldindan aniq bilishi shart. Shu maqsadda, kelgusida arxitekturaviy konsepsiyasi, loyiha-smeta hujjatlari va qurilishga oid barcha ruxsatnomalari oldindan tayyorlab qo‘yilgan yer maydonlarini savdoga chiqarishni ko‘paytirish belgilandi. Qiymati 50 million dollardan yuqori bo‘lgan yirik loyihalarga esa ob’ekt to‘liq ishga tushguniga qadar shaxsiy mas’ul biriktiriladi. Shuningdek, tuziladigan alohida investitsiya bitimida tomonlarning majburiyatlari hamda har bir loyihaning xususiyatidan kelib chiqqan holda mos shartlar aniq qayd etiladi.
Shu bilan birga, yirik tijorat ob’ektlari uchun yer maydonlarini ajratishda xalqaro tajribada keng qo‘llaniladigan “Swiss challenge” tamoyili joriy etilmoqda. Ushbu tizimga ko‘ra, dastlabki investorning loyihaviy taklifi keng jamoatchilikka ochiq e’lon qilinadi. Agar boshqa biror bir ishtirokchi ushbu loyiha bo‘yicha yanada manfaatliroq va yaxshiroq shartlarni taklif etsa, sog‘lom raqobat muhiti shakllantiriladi. Bordiyu, muayyan vaqt ichida boshqa muqobil takliflar kelib tushmasa, yer maydoni hech qanday to‘siqlarsiz dastlabki tashabbuskorga ajratib beriladi.
Muhim jihati, Yangi Toshkentda yaratilayotgan keng imkoniyatlar faqat poytaxt tadbirkorlari bilan cheklanib qolmaydi. Toshkent shahrining har bir tumani hamda respublikaning qolgan 13 ta hududiga ushbu megaloyihadan 100 gektardan maydon biriktirilishi belgilandi. Xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish maqsadida esa birinchi bosqichning o‘zidayoq 50 ta alohida lot ajratiladi.
Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori Davron Odilovning ta’kidlashicha, davlat rahbari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotdan so‘ng, avvalroq ikkilanib turgan ko‘plab mahalliy va xorijiy tadbirkorlarning shubhalari tarqab, yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yakuniy kelishuvlar imzolana boshlagan.
– Eng muhimi, tizimda qaror qabul qilish jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradigan yangi mexanizm yaratildi, – deydi Davron Odilov. – Bu islohotlar tadbirkorlarga ham, biznes vakillariga ham, qolaversa, Direksiya xodimlariga ham juda katta yengilliklar berdi. Endi oldimizda turgan bosh vazifa, loyihalarni amalga oshirish sur’atini maksimal darajada tezlashtirishdan iborat.
Direksiya rahbarining ma’lum qilishicha, hozirning o‘zidayoq umumiy qiymati 3 milliard dollargacha bo‘lgan istiqbolli loyihalar taqdim etib bo‘lingan. Ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish va ishlab chiqish jarayonida Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasini tayyorlagan Buyuk Britaniyaning yetakchi arxitektor va muhandislari bilan yaqindan hamkorlik qilinadi hamda ularning xalqaro maslahatlari olinadi.
Yuqorida tilga olingan rossiyalik investor Aleksandr Bakanovning tajribasi ham sarmoya qiymati faqat kiritilgan mablag‘ miqdori bilan o‘lchanmasligini yaqqol isbotlaydi. Uning kompaniyasi hududda zamonaviy elektr podstansiyasini barpo etish bilan bir qatorda, mahalliy mutaxassislarning ushbu yangi texnologiyalarni mustaqil boshqara olishi uchun tajriba almashish tizimini ham yo‘lga qo‘ydi. Muazzam favvora loyihasi esa shaharning madaniy qiyofasi va turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA