Pedagoglarning bilim va mahorati sinovdan o‘tmoqda
Ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagog kadrlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini xolis baholash, ularning kasbiy rivojlanishini rag‘batlantirish hamda ta’lim tizimida malakali mutaxassislar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun malaka test sinovlari o‘tkazilmoqda.
26-oktabrda boshlangan mazkur jarayonlar 28-noyabrga qadar davom etadi. Sinovlarda ishtirok etish uchun pedagoglardan jami 302 ming 422 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ularni o‘rganish natijasida 240 ming nafardan ziyod pedagogning attestatsiyada qatnashishi belgilangan.
Malaka sinovlari 46 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha ikki bosqichda tashkil etilgan. Birinchi bosqichda pedagoglarning mutaxassislik fani va kasbiy standartlarga oid bilimlari baholanadi. Buning uchun ishtirokchilarga mutaxassislik fanidan 35 ta, kasbiy standartlar bo‘yicha 5 ta test savoli taqdim etiladi.
Ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahoratni aniqlashga qaratilgan 10 ta topshiriq beriladi. Bunda o‘qituvchilarning ta’lim jarayonini tashkil etish, bilimlarini amaliyotda qo‘llash, turli vaziyatlarni tahlil qilish va samarali pedagogik yondashuvlardan foydalanish ko‘nikmalari baholanadi.
Musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun ham attestatsiya ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich 30–31-oktabr kunlari ta’lim sohasiga mas’ul vazirlik tomonidan, ikkinchi bosqich esa tegishli ravishda sport va madaniyat sohalariga mas’ul vazirliklar tomonidan tashkil etiladi.
Sinovlarda barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ko‘zi ojiz pedagoglar uchun maxsus test savollari tayyorlanib, ularning attestatsiyada ishtirok etishi uchun alohida kunlar belgilangan.
Malaka sinovlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan maxsus test markazlarida o‘tkazilmoqda. Jarayonlarning shaffofligi va xolisligini ta’minlash, tashqi aralashuvning oldini olish hamda inson omili ta’sirini kamaytirish maqsadida zarur tashkiliy va texnik choralar ko‘rilgan.
Attestatsiya natijalari elektron shaklda rasmiylashtirilib, tegishli sertifikatlar pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.
[gallery-32213]
Mazkur sinovlar pedagog kadrlarning kasbiy tayyorgarligini baholash, ularning o‘z ustida ishlashi va malakasini muntazam oshirib borishini rag‘batlantirish, pirovardida ta’lim sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Kamola YUSUPOVA,
Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA