Bekobod – 2040-yilgacha rivojlanishning yangi bosqichida
Bekobod shahri hokimi Narimonjon Ismailov va “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev Xitoyning "China State Construction" korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Gao Bo bilan uchrashdi. Muloqot davomida shaharni 2040-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, "O‘zmetkombinat" AJni modernizatsiya qilish hamda istiqbolli shaharsozlik rejalari muhokama qilindi.
Mazkur konsepsiyada shaharni uy-joy, ta’lim, transport va obodonlashtirish markazi sifatida rivojlantirish, yangilangan hududida esa ma’muriy boshqaruv, biznes va yuqori texnologiyali ishlanmalar uchun zamonaviy infratuzilma yaratish taklif etilgan.
Bundan tashqari, shahar iqtisodiyotining asosiy tayanchi bo‘lgan sanoatni modernizatsiya qilish ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Xususan, “O‘zmetkombinat” AJ faoliyatini takomillashtirish, po‘latni chuqur qayta ishlash, zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Joylarda sanoat turizmi imkoniyatlaridan foydalanish ham taklif etilmoqda.

Uchrashuvda Bekobodning chegaraoldi hududda joylashgani ham yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yuzaga chiqarishda muhim omil ekani ta’kidlandi. Konsepsiyada chegara orqali savdo, bojxona va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, qurilish materiallari savdosini kengaytirish orqali tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, shaharning tabiiy salohiyatidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Sirdaryo sohilida zamonaviy jamoat hududlari, sayr yo‘laklari, dam olish maskanlari va madaniy-turistik ob’ektlarni tashkil etish taklif qilingan. Yangi shahar hududida esa ekologik jihatdan qulay turar joylar, madaniyat va savdo maskanlari, yuqori texnologiyali sanoat hududlari hamda yashil zonalarni barpo etish rejalashtirilgan.

Maqsad aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish va shaharning iqtisodiy jozibadorligini oshirishdir. Jumladan, hududda aholi sonini 100 mingdan 170 ming nafargacha yetkazish, eski va yangi shahar o‘rtasida yagona transport tizimini shakllantirish, yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish belgilangan. Bu esa aholi ehtiyojlarining katta qismini shaharning o‘zida qondirish, yangi iqtisodiy faollik nuqtalarini shakllantirish va tadbirkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Qayd etish joizki, taqdim etilgan konsepsiya Bekobodni 2040-yilgacha rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab beruvchi dastlabki takliflar majmuasidir. Loyihalarni amalga oshirishning aniq parametrlari, moliyaviy ko‘rsatkichlari va muddatlari keyingi qarorlar hamda loyihalash ishlari jarayonida belgilanadi.

Muloqot yakunida Bekobod shahar hokimligi, “O‘zmetkombinat” AJ va “China State Construction” korporatsiyasi vakillari o‘rtasida uch tomonlama memorandum imzolandi. Shaharning uzoq muddatli taraqqiyotiga qaratilgan konsepsiya “ikki yadro, ikki qanot” modeliga asoslangani qayd etildi. Unga ko‘ra, mavjud shahar hududini zamonaviylashtirish, yangi innovatsion markazni shakllantirish va shaharni shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda kengaytirish nazarda tutilgan.

Shundan so‘ng Xitoy delegatsiyasi vakillari Bekobod shahridagi qator ijtimoiy ob’ektlar faoliyati bilan tanishdi. Xususan, mehmonlar No‘’mon ibn Sobit jome masjidi va uning hududida tashkil etilgan kutubxona, shuningdek, nodavlat ta’lim muassasasida bo‘lib, yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot oldi. Do‘stlik mahallasiga tashrif davomida esa delegatsiya vakillariga O‘zbekistonda mahalla institutining o‘rni, “mahalla yettiligi” tizimi faoliyati va aholi bilan ishlash mexanizmlari haqida tushuntirish berildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uy-joylarni saqlash, ularga xizmat ko‘rsatish va aholini kommunal xizmatlar bilan ta’minlashga ixtisoslashgan boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishtirildi.
A. Musayev, O‘zA